Tojikistondan munosabat: Markaziy Osiyo hamkorlikning yangi modellarini yaratuvchi kuchga aylanmoqda
Avgust 02, 2026. 10:30 • 3 daq
• 197
DUSHANBE, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Tojikistondagi Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga 30-iyul kuni Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston–Qirg‘iziston sammiti yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi o‘zbek–qirg‘iz munosabatlari rivojlanishining barqaror dinamikasini ko‘rsatdi. Muzokaralar chog‘ida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sayotganini qayd etib, yaqin istiqbolda uni yangi maqsadli ko‘rsatkichlarga yetkazish niyatida ekanini taʼkidladi.
Erishilgan natijalar o‘zaro hamkorlikning muhim ko‘rinishidir. Biroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarning muvaffaqiyatli rivojlanishining siyosiy ahamiyati ikki davlat aloqalari doirasidan ancha keng.
O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifining asosiy natijasi Markaziy Osiyoda ustuvor o‘rin egallagan O‘zbekistonning izchil tashqi siyosatidan iborat. So‘nggi yillarda, yaʼni 2016-yildan so‘ng Toshkent mintaqaning barcha davlatlari bilan o‘zaro ishonchni maqsadli ravishda mustahkamlab, ikki tomonlama munosabatlarni yagona mintaqaviy strategiyaga aylantirib kelmoqda. O‘zbekiston tashqi siyosatidagi barqarorlik Markaziy Osiyoning yangi siyosiy meʼmorchiligi shakllanayotgani haqida ishonch bilan so‘z yuritish imkonini beradi.
Bugungi kunda mintaqaviy hamkorlik yangicha mantiq asosida rivojlanmoqda. Agar ilgari to‘planib qolgan ziddiyatlarni bartaraf etish asosiy ustuvor vazifa bo‘lgan bo‘lsa, endilikda Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda uzoq muddatli rivojlanish kun tartibini shakllantirmoqda. Shu tariqa ishonch hamkorlikning natijasi emas, balki uning boshlang‘ich nuqtasiga aylanmoqda. Markaziy Osiyodagi zamonaviy mintaqaviy siyosatning sifat jihatdan o‘zgarishi aynan shunda namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston yetakchisining davlat tashrifi mantiqiy davomi Issiqko‘lda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining birinchi norasmiy Maslahat uchrashuvi bo‘ldi. Mintaqaviy muloqotning yangi bosqichi aynan norasmiy shaklda boshlanayotgani ramziy maʼnoga ega. Bunday uchrashuvlar nafaqat fikr almashish maydoni, balki hamkorlikning kelajakdagi meʼmorchiligi g‘oyalari shakllanadigan o‘ziga xos siyosiy loyihalashtirish markaziga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ozarbayjonning ishtiroki alohida eʼtiborga loyiqdir. Uning ishtiroki Markaziy Osiyo kengayganini anglatmaydi va Maslahat uchrashuvining yo‘nalishini o‘zgartirmaydi. Bu yerda aralash siyosiy format deb taʼriflash mumkin bo‘lgan tamomila yangi mexanizm yuzaga kelmoqda. Uning vazifasi har bir mintaqaning mustaqilligini saqlagan holda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikni muvofiqlashtirishdan iborat.
Ko‘z o‘ngimizda yana bir yangi tendensiya shakllanmoqda. Agar “ishonch–hamkorlik–o‘zaro bog‘liqlik” formulasi Markaziy Osiyo doirasida o‘z samaradorligini isbotlagan bo‘lsa, endi u qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarga ham joriy etila boshlanmoqda. Xalqaro munosabatlarning mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik deb atash mumkin bo‘lgan yangi bir sifati yuzaga kelmoqda. Uning asosini rasmiy majburiyatlar emas, balki to‘plangan siyosiy ishonch darajasi tashkil etadi.
Aynan shuning uchun ham yuz berayotgan jarayonlarning asosiy natijasi faqatgina yangi hujjatlar va qo‘shma loyihalar bilan cheklanib qolmayapti. Markaziy Osiyo asta-sekin ishonchni shakllantirish bo‘yicha o‘zining muvaffaqiyatli tajribasini tatbiq qila boshlamoqda. Aslida, gap mintaqaviy diplomatiyaning yangi resursi – qo‘shni siyosiy makonlarni anʼanaviy integratsiya mexanizmlariga qaraganda ancha samaraliroq birlashtirishga qodir bo‘lgan siyosiy ishonch eksporti haqida ketmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo o‘zining xalqaro maydondagi rolini asta-sekin o‘zgartirmoqda. Mintaqa nafaqat o‘z subyektligini mustahkamlayapti, balki mintaqalararo hamkorlikning yangi modellarini yaratuvchi kuchga ham aylanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi