Shvetsiyadan munosabat: O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni ilgari surishda muhim rol o‘ynamoqda
Avgust 01, 2026. 13:30 • 3 daq
• 122
STOKGOLM, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Shvetsiyadagi Xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti katta eksperti Yoxan Engvall “Dunyo” AAga 30-iyul kuni Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston–Qirg‘iziston sammiti yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida chegaraoldi hamkorlik, suv resurslarini boshqarish, infratuzilma, turizm, taʼlim va boshqa sohalarga oid o‘ndan ortiq hujjatni imzolandi.
O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarini Toshkentning Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan munosabatlariga o‘xshash darajaga olib chiqqan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi eng muhim voqea bo‘ldi.
Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma 2017-yil 5-oktyabrda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiyaning qabul qilinishi bilan boshlangan o‘zgarishlarni huquqiy jihatdan mustahkamladi.
Ushbu deklaratsiya Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganidan dalolat beradi. Yangi kelishuv uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoda eng murakkab hisoblangan munosabatlarning ulkan o‘zgarishi jarayonida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
2016-yil Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z oldiga mavjud ziddiyatli vaziyatni o‘zgartirish vazifasini qo‘ygan edi. U Markaziy Osiyoni O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, “qo‘shnilar bilan nol muammo” tamoyiliga amal qildi.
O‘shandan beri ko‘p yillik ichki mintaqaviy keskinlik munosabatlarini, jumladan, o‘zaro hududiy daʼvolar va suv resurslari bilan bog‘liq nizolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston umumiy makon – Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash shiori ostida barcha qo‘shni davlatlar bilan yaqin munosabatlarni izchil rivojlantirdi.
Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘n yildan kamroq vaqt ichida mintaqadagi eng yaqin strategik sheriklardan biriga aylandi.
Yaqinlashish har ikki tomonga ham foyda keltirmoqda. Qirg‘iziston uchun O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlash qariyb 40 million isteʼmolchiga ega O‘zbekiston bozoriga kirish orqali keng iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. Bundan tashqari, transport aloqalarini yaxshilash va energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun afzalliklar esa Qirg‘iziston hududi orqali mamlakatning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Xitoyga o‘tuvchi transport yo‘nalishlariga barqaror kirish, hayotiy muhim suv resurslaridan birgalikda foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Har ikki davlat uchun o‘zaro savdoni yana-da kengaytirish va diversifikatsiya qilish, ayniqsa, aholi zich joylashgan Farg‘ona vodiysida barqarorlik va farovonlikni taʼminlashda katta ahamiyatga ega.
Imzolangan shartnomaning ahamiyati O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar doirasidan ancha kengdir. Ishonchga asoslangan hamkorlik asta-sekin Markaziy Osiyoda mintaqaviy siyosatning asosiy tamoyiliga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, shartnoma mintaqaning beshta davlati bir-biri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qiladigan “Yangi Markaziy Osiyo”ning shakllanishini ifodalaydi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ixtiyoriy hamkorlikni rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynaydi. Bu prinsipial ahamiyatga ega. Yanada integratsiyalashgan mintaqa tashqi kuchlar bilan munosabatlarni birlik nuqtai nazaridan qurish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, tashqi kuchlarning Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi xavfini kamaytiradi.
Boshqacha aytganda, mintaqaviy birlikning muntazam mustahkamlanayotgani Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga muvozanatli va ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritish uchun ko‘proq imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar dunyoning boshqa mintaqalari uchun ham muhim saboq bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ittifoqchilik shartnomasi shuni ko‘rsatadiki, ko‘p yillik nizolar izchil siyosiy saʼy-harakatlar orqali tinch yo‘l bilan hal etilishi mumkin. Ishonchning mustahkamlanishi va zarur siyosiy irodaning mavjudligi murosaga erishishga yordam beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi