Islamoboddan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi
Fevral 01, 2026. 10:00 • 2 daq
• 78
ISLOMOBOD, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokiston tinchlik tadqiqotlari instituti prezidenti Muhammad Amir Rana O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 29-yanvar kuni Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tashrif nafaqat O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari uchun yangi ufqlarni ochdi, balki o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy manfaatlarga sodiqlikka asoslangan konstruktiv diplomatiyaning yorqin namunasiga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqara ostonasida Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan shaxsan kutib olinishi O‘zbekistonga, xususan Davlatingiz Rahbariga bo‘lgan yuksak eʼtibordan dalolat beradi. Bunday yuksak munosabat, shuningdek, O‘zbekistonning global jarayonlarda masʼuliyatli va faol ishtirokchi sifatidagi o‘sib borayotgan rolini namoyish etdi.
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari o‘rtasidagi uchrashuv alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu muloqot investitsiyalar, “yashil” energiya, transport, turizm va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini yana-da oshirishga o‘zaro qiziqish, madaniy va gumanitar aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha belgilangan maqsadlar esa ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha yetakchilar Qo‘shma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar. Bundan tashqari, ko‘p qirrali sheriklikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama muhim hujjatlar to‘plami imzolandi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash, taʼlim va harbiy tibbiyot, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, maxsus iqtisodiy zonalarni birgalikda tashkil etish, migratsiyaga ko‘maklashish va fuqarolarni o‘z mamlakatlariga qaytarish sohalaridagi kelishuvlar qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir.
O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining yana-da mustahkamlanishidan Pokiston tomoni ham manfaatdor. Chunki O‘zbekiston va Turkiya o‘z mintaqalarida asosiy siyosiy kuch hisoblanadi. Pokiston esa ular bilan barcha yo‘nalishlarda sheriklikni jadallashtirishga intilmoqda.
Ishonchim komilki, O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab beradi va xalqlarning umumiy farovonligiga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
