Logo

O‘zbekiston va Pokiston industrial sohadagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Aprel 12, 2026. 09:55 • 2 daq

3
O‘zbekiston va Pokiston industrial sohadagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

ISLOMOBOD, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yetakchi sanoat guruhlaridan biri ­“JHK Group of Companies” kompaniyasi direktori Nauman Afradi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat avvalida ishtirokchilar Pokiston kompaniyasi delegatsiyasining 2025-yil noyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan amaliy tashrifi yakunlarini muhokama qildi. Ushbu safar doirasida kompaniya vakillari Sog‘liqni saqlash, Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Qurilish vazirliklarida, qator tarmoq tashkilotlari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

Xorazm viloyatidagi “HVARA Pharma” va “Shifu Pharma” farmatsevtika korxonalariga tashrif buyurilgani va u yerda qo‘shma ishlab chiqarish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Tashrifning muhim natijasi sifatida O‘zbekistonning “NovaInvest” kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani qayd etildi.

Joriy muzokaralar davomida Pokiston tomoni turli hajmdagi infuzion eritmalarni O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etish rejalarini maʼlum qildi. Kelgusida kompaniya ushbu preparatlarni bevosita respublikaning o‘zida mahalliylashtirishni maqsad qilgan. Mazkur mahsulotlar tibbiyot amaliyotida suvsizlanish, infeksion kasalliklar va boshqa patologiyalarni davolashda keng qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini Pokiston bozoriga eksport qilishni ko‘paytirish masalasiga to‘xtalib, ushbu sektorda hali foydalanilmagan yuqori salohiyat mavjudligini taʼkidladi.

Shuningdek, uzoq muddatli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, yo‘l infratuzilmasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonning maxsus sanoat zonalarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish masalalari belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish