“National Business”: O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi o‘sish bosqichiga kirmoqda
Aprel 12, 2026. 12:41 • 3 daq
• 30
SANKT-PETERBURG, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. Rossiya va xorij davlatlaridagi iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy yangiliklarni yorituvchi “National Business” saytida O‘zbekistonda yangi iqtisodiy bosqich shakllanayotgani bo‘yicha maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhiti izchil ravishda yaxshilanib, biznes faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti kutuv holatidan amaliy o‘sish bosqichiga bosqichma-bosqich o‘tmoqda. Bu jarayon kompaniyalar kayfiyati, talab va bandlik ko‘rsatkichlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi tahlillar ishbilarmonlik muhiti indeksida barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda. Eʼtiborli jihati shundaki, bu o‘sish faqat kutilmalar hisobiga emas, balki biznesning joriy holati yaxshilanishi bilan ham taʼminlanmoqda. Xususan, hozirgi holat 51 ball deb baholangan, kelajak bo‘yicha kutilmalar esa 81 ballni tashkil etgan. Bu esa iqtisodiy faollikdagi ijobiy o‘zgarishlar allaqachon amalda ham sezilayotganini anglatadi.
“Tadbirkorlar kayfiyatida ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Agar ilgari kompaniyalarning 38 foizi o‘z holatini yaxshi deb baholagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 44 foizga yetgan. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda korxonalarning uchdan bir qismi faoliyatida yaxshilanish bo‘lganini qayd etmoqda. Bu esa biznes muhitidagi noaniqliklar kamayib, rejalashtirish imkoniyatlari kengayayotganidan dalolat beradi”, deya maʼlumotlar keltirilgan maqolada.
Eng muhimi, ijobiy kayfiyatlar asta-sekin amaliy harakatlarga aylanmoqda. Xususan, bandlik ko‘rsatkichlarida o‘sish kuzatilib, xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 12 foizdan 19 foizga yetgan. Bu biznesning iqtisodiy barqarorlikka bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, talab dinamikasi ham sezilarli ravishda yaxshilangan. Bir yil avval bozorda talab o‘sishini 22 foiz kompaniya qayd etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 39 foizga yetgan. Bu esa ichki bozor faollashayotgani va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotganini anglatadi.
Tarmoqlar kesimida esa eng yuqori o‘sish qishloq xo‘jaligi sohasida qayd etilmoqda – bu yerda indeks 73 ballga yetgan. Xizmatlar sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar mavjud bo‘lsa-da, o‘sish nisbatan sekinroq kechmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston iqtisodiyoti hozir o‘tish bosqichida turibdi. Ilgari shakllangan ijobiy kutilmalar bugungi kunda real ko‘rsatkichlar bilan mustahkamlanmoqda. Bu esa iqtisodiy o‘sishning barqaror poydevori shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Eng muhim jihat – biznesdagi ijobiy kayfiyatlar faqat so‘zda qolmayapti. Ular bandlik, talab va ishlab chiqarish faolligi orqali amalda o‘z ifodasini topmoqda. Bu esa iqtisodiyotdagi tiklanish jarayoni izchil va mustahkam ekanini anglatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi