Logo

Turkiyadagi teatrlarda “Temur va Yildirim” spektakli namoyish etilmoqda

Aprel 09, 2026. 11:36 • 2 daq

123
Turkiyadagi teatrlarda “Temur va Yildirim” spektakli namoyish etilmoqda

ANQARA, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Davlat teatrlari boshqarmasi bilan hamkorlikda turk sahnalarida “Temur va Yildirim” spektakli namoyish etilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Spektakl taniqli turk yozuvchisi Rafet Elchining “Ahror” romani asosida sahnalashtirilgan. Asar voqealari 1402-yilgi Anqara jangidan keyingi jarayonlar, xususan, ikki buyuk hukmdor o‘rtasidagi murakkab psixologik suhbat va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot atrofida qurilgan.

Dramaning asosiy g‘oyasi tarixdan saboq olish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi nizolarga chek qo‘yish va umumiy maqsadlar yo‘lida birlashish zarurligini targ‘ib qilishdan iborat. Spektaklda Sohibqironning olijanobligi, uning turkiy millatlar shonini yuksaltirish yo‘lidagi intilishlari hamda Sulton Boyazidning vafotidan so‘ng Onado‘li yerlarini uning farzandlariga taqsimlab berib, Movarounnahrga qaytgani taʼsirchan lavhalarda ifodalangan.

Davr muhitini jonlantirishda sahna dizayni, liboslar, yorug‘lik va musiqa yechimlaridan mahorat bilan foydalanilgan. Mazkur tarixiy asar shu kunga qadar Erzurum, Elazig‘ va Malatiya shaharlarida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etildi. Rejaga ko‘ra, spektakl 9, 10 va 11-aprel kunlari Konya shahri davlat teatrida, yil davomida esa Turkiyaning boshqa yirik shaharlarida tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.

Bu kabi madaniy loyihalar Amir Temur siymosini xalqaro miqyosda ulug‘lash bilan birga, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy-maʼnaviy rishtalarni yangi avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish