AQShning G‘arbiy sohilida vatandoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Mart 25, 2026. 15:05 • 2 daq
• 73
RENTON, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamda “O‘zbek mahallasi” jamiyati hamkorligida Navro‘z va Ramazon hayiti umumxalq bayramlari munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQShning Renton shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir nafaqat bayramona ruhda o‘tdi, balki vatandoshlarni birlashtirgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Ishtirokchilar AQShning G‘arbiy sohilida O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi ochilganini yuksak mamnuniyat bilan kutib olganini bildirdi.
Uchrashuv doirasida qator suhbatlar tashkil etildi. AQShdagi yurtdoshlar ushbu diplomatik vakolatxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari vakillari uchun ham ahamiyatli voqea ekanini alohida ta’kidladi.
“O‘zbek mahallasi” jamiyati faol a’zolari mazkur vakolatxona ochilishini katta mamnuniyat bilan qarshi olganini bildirib, bu holat xorijdagi vatandoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi ekanini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari endilikda konsullik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari ancha qulay bo‘lganidan mamnun ekanini bildirishdi. Shuningdek, ushbu konsullik kelgusida vatandoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish hamda Toshkent–Sietl yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyat yaratishini ta’kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi