Turk OAV: Navro‘z bayrami Turkiya va O‘zbekistonni yanada yaqinlashtirdi
Mart 25, 2026. 10:32 • 3 daq
• 100
ANKARA, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning qator hududlarida O‘zbekiston elchixonasi va Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlar turk ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘plab nashrlarda Navro‘z nafaqat qadimiy bayram, balki o‘zbek madaniy diplomatiyasining yorqin namunasi ekani alohida taʼkidlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining Hatay viloyati aholisini tarixiy ota yurt – O‘zbekistonga taklif etish tashabbusi Turkiya OAV tomonidan yuqori baholandi. Teleko‘rsatuvlar, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlarida zilziladan jabrlanganlar, ayniqsa, ota-onasini yo‘qotgan bolalarning tashrifi Navro‘zning insonparvarlik, birdamlik, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarini ifoda etgani qayd etildi.
Reportaj va intervyularda Hataydan kelgan mehmonlarning taassurotlariga alohida eʼtibor qaratildi. Jabrlanganlardan biri Achelya Chichek qiyin damlarda O‘zbekiston tomonidan katta yordam ko‘rsatilganini alohida taʼkidladi:
“Biz juda xursandmiz. Rostini aytsam, bunday eʼtiborni kutmagandim. Bu bizga juda yoqdi. O‘zbek qardoshlarimiz ko‘rsatgan g‘amxo‘rlikdan benihoya mamnunmiz”.
Yana bir ishtirokchi Nejla Avlar esa sayohat haqida quyidagilarni gapirib berdi:
“Zilziladan keyin birinchi marta bunday ko‘tarinki ruhni his qildim. Bu unutilmas sayohat kayfiyatimmizni ko‘tardi. Eʼtibor uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildiraman. Odamlarning samimiyligi va iliq munosabati boshimizdan o‘tgan qiyinchiliklarni biroz bo‘lsa-da unutishimizga yordam berdi”.
Hatay delegatsiyasi besh kun davomida Andijon, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida bo‘lib, Navro‘z tantanalarida ishtirok etdi. Uchrashuvlarda “Ota yurt” tarixi va madaniyati bilan tanishdi, bahoriy bayram dasturxoni taomlaridan bahramand bo‘ldi.
Shu bilan birga, Xatayning o‘zida ham elchixona va mahalliy hokimiyat ko‘magida aholi uchun o‘zbek palovi va sumalak bilan bayram dasturxoni tashkil etildi. Bu tadbir o‘zaro hurmat va mehmondo‘stlikning yorqin ifodasiga aylandi.
Gaziantep shahrida Adolat va taraqqiyot partiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “Lazgi” ansambli hamda Gliyer nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchilarining chiqishlari alohida eʼtiborga sazovor bo‘ldi. Mahalliy “Olushum” gazetasi ularning chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirganini va O‘zbekiston–Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi ko‘prik vazifasini o‘taganini taʼkidladi.
Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan Navro‘z bayrami ham o‘zbekona ruhda nishonlanib, unda Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa instituti milliy raqs ansamblining chiqishlari hamjihatlik va birodarlik muhitini yana-da mustahkamladi.
Izmir shahrida esa o‘zbekistonlik talabalar Navro‘z anʼanalari va madaniyatini namoyish etdi. Tomoshabinlar milliy musiqa, raqs va gastronomiya bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbek palovi tortiq etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi