Logo

Minskda Navro‘z ayyomi: do‘stlik va an’analar uyg‘unligi

Mart 25, 2026. 18:29 • 2 daq

86
Minskda Navro‘z ayyomi: do‘stlik va an’analar uyg‘unligi

MINSK, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Belarus milliy texnika universitetida “Navro‘z – bahor ayyomi” shiori ostida festival tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda mazkur ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talabalar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ham ishtirok etdi.

Festivalda yurtdoshlarimiz bilan bir qatorda turli davlatlardan kelgan xorijlik talabalar ham qatnashdi. Ayni paytda Belarus milliy texnika universitetida 2025/2026 o‘quv yilida yuz nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida tahsil olmoqda.

Festivalda so‘zga chiqqanlar yasharish va yangilanish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayramining nishonlanish tarixi hamda uning turli xalqlar ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi o‘rni haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, bayram doirasida ishtirokchilar o‘rtasida sport va pazandachilik musobaqalari tashkil etildi. Mini-futbol bo‘yicha turnir o‘tkazilib, unda turli jamoalar g‘oliblik uchun bellashdi.

Maxsus ajratilgan hududda oshpazlik musobaqasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda chet ellik talabalar an’anaviy retseptlar asosida palov tayyorlashdi. “Eng mazali palov” nominatsiyasida o‘zbekistonlik talabalar g‘olib deb topildi.

Tadbir davomida o‘zbekistonlik va xorijlik talabalar so‘zga chiqib, barchani bayram bilan tabriklab, Navro‘zga xos madaniyat va an’analarni namoyish etdi. Tomoshabinlar o‘zbek urf-odatlari, milliy musiqa va raqs hamda gastronomiya bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish