Pokiston OAV: O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi orqali islom madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shmoqda
Mart 18, 2026. 18:18 • 2 daq
• 149
ISLOMOBOD, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan qator maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, “The Nation”, “Islamabad Post”, “Daily Independent”, “The Diplomatic Insight”, “The Gulf Observer”, “Media Online Today”, “MNN News”, “Pakistan Economy”, “CPEC News”, “Diplomatic Affairs”, “World News”, “Infora News” kabi nufuzli nashrlar Islom sivilizatsiyasi markazining jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan megaloyiha ekanligi haqida yozgan.
Nashrlarda qayd etilishicha, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom olamining boy tarixiy va maʼnaviy merosini chuqur o‘rganishga qaratilgan noyob ilmiy-madaniy loyiha hisoblanadi. Maqolalarda O‘zbekistonning islom ilm-fani, madaniyati va maʼrifatining eng muhim markazlaridan biri sifatidagi roliga alohida eʼtibor qaratilgan.
Taʼkidlanishicha, Markazning tashkil etilishi jahon sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk olim va mutafakkirlar merosini asrab-avaylash hamda ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shuningdek, ushbu loyiha xalqaro madaniy va ilmiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etilgan.
Pokiston OAV Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyodan tadqiqotchilar, olimlar va mutaxassislarni birlashtiruvchi platformaga aylanayotganini, shuningdek, bag‘rikenglik, o‘zaro anglashuv va madaniyatlararo hamkorlik g‘oyalarini ilgari surishda muhim rol o‘ynashini urg‘ulamoqda.
Bundan tashqari, maqolalarda ushbu megaloyihaning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekistonning maʼnaviy merosni asrash va ilm-fan va taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan izchil siyosatidan dalolat berishi, bu esa xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otayotgani alohida qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi