Hindistonning yetakchi OAVda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi keng yoritildi
Mart 19, 2026. 15:03 • 4 daq
• 78
DEHLI, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonning yetakchi gazetalari – “The Times of India”, “The Economic Times” va “Navbharat Times” O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan turkum maqolalarni chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materiallarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu noyob loyihaning ko‘lami va ahamiyati batafsil yoritilgan.
Dunyoda ingliz tilida chiqadigan eng yirik gazetalardan biri “The Times of India” loyihaning tarixiy ahamiyati va insonparvarlik missiyasiga urg‘u bergan. Nashr Markazni tashkil etish g‘oyasi ilk bor O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017-yil BMTning yuksak minbaridan ilgari surilgani, mazkur tashabbus zamonaviy global tahdidlarga javob bo‘lganini ta’kidlagan. Gazeta Markazni mintaqaning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi “intellektual ko‘prik” sifatida taqdim etgan.
Maqolada Markaz ekspozitsiyalarida hayotga tatbiq etilgan “sivilizatsiya-shaxslar-kashfiyotlar” konsepsiyasi batafsil tasvirlangan. Majmuani “kelajak muzeyi”ga aylantiruvchi VR, AR va sun’iy intellekt kabi ilg‘or texnologiyalardan foydalanilgani alohida qayd etilgan.
“The Times of India” mazkur maskanda o‘zbek xalqining Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va boshqa buyuk ajdodlari merosi zamonaviy ilm-fan bilan uzviy bog‘liqlikda taqdim etilgani, bu esa uni Uchinchi Renessans poydevori sifatida ko‘rish imkonini berayotganini urg‘ulagan.
Nashr majmuaning me’moriy mahobatiga urg‘u berib, u 2026-yilda “Prix Versailles” qo‘mitasi tomonidan dunyoning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilganini qayd etgan. Gazeta Markazning o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi rolini alohida ta’kidlagan hamda bu yerda VII asrga oid Usmon Mushafi kabi qadimiy qo‘lyozmalar XXI asrning raqamli texnologiyalari bilan yonma-yon joylashganiga e’tibor qaratgan.
Hindistonning yetakchi moliyaviy kundalik nashri bo‘lgan “The Economic Times” gazetasi loyihaga xalqaro hamkorlik va intellektual salohiyat prizmasi orqali nazar tashlagan. Markazni tashkil etishda 40 ta davlatdan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirok etgani, uning tarkibi 200 mingdan ziyod jildga ega kutubxona, zamonaviy restavratsiya laboratoriyalari, kalligrafiya maktabi va boshqa tuzilmadardan tashkil topgani haqida so‘z yuritgan.
Markazning o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosi namunalarini o‘zbek zaminiga qaytarish borasidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Nashrning ta’kidlashicha, dunyodagi yetakchi auksion uylari va xususiy kolleksionerlar bilan olib borilgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekistonga ikki mingga yaqin nodir artefaktlar, jumladan Ibn Sino qo‘lyozmalari va Beruniy asarlari olib kelindi. Bu “tarixiy adolatning yaqqol tiklanishidir”, deb fikr bildirgan maqola muallifi.
Nashr tarixiy qiyoslar keltirib, Markaz ahamiyatini o‘z vaqtida jahon ilm-fani rivojini belgilab bergan afsonaviy Ma’mun akademiyasi va Ulug‘bek madrasasi bilan taqqoslagan.
“Navbharat Times” gazetasidagi maqolalar axborot kampaniyasining muhim tarkibiy qismiga aylandi. Ushbu nashr hindiy tilidagi eng yirik kundalik gazeta bo‘lib, uning adadi taxminan 770 ming nusxani tashkil etadi.
Gazeta Yangi O‘zbekistondagi “Uchinchi Renessans” konsepsiyasini batafsil tasvirlab, har qanday buyuk taraqqiyot poydevori hamisha intellektual va ma’naviy asoslarga tayanishini qayd etgan.
Hindiy tilidagi material ko‘p millionli auditoriyani Markaz me’morchiligi ramzlari - O‘zbekiston hududlari birligini ifodalovchi 65 metrli feruzarang gumbaz va to‘rtta oltintus darvoza bilan tanishtiradi. Nashr ma’naviy tarkibiy qismga alohida to‘xtalib, Markazning bosh portali bilimga intilishni oliy ma’naviy burch deb belgilovchi “Iqro” oyati bilan bezatilgani haqida ma’lumot bergan.
Hindistonning barcha nashrlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishidagi alohida roli borasida yakdil fikr bildirib, davlat yetakchisi nafaqat loyiha tashabbuskori bo‘lgani, balki sakkiz yil davomida ushbu ulkan g‘oyaning amalga oshirilishini shaxsan nazorat qilib kelganini urg‘ulagan.
Maqolalarda Markazga tashrif buyurgan jahon yetakchilari, jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda Finlyandiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Serbiya prezidentlari tomonidan loyihaga berilgan yuqori baholar keltirilgan.
Ushbu materiallarning Hindiston aholisining barcha qatlamlarini qamrab olgan uchta yetakchi nashrda chop etilishi O‘zbekiston axborot siyosatidagi salmoqli yutuq bo‘ldi.
Gazetalardagi maqolalar Hindistonning qariyb bir yarim milliardlik aholisiga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning asl mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini Yangi O‘zbekistonda qaror topayotgan ma’rifiy islom, muloqot va intellektual taraqqiyotning yangi falsafasi sifatida taqdim etish uchun noyob imkoniyat berdi.
O‘zbekiston bilan chuqur tarixiy va madaniy aloqalarga ega bo‘lgan Hindiston uchun mazkur materiallar alohida ahamiyatga ega. Ular ilmiy va turistik almashinuv uchun yangi ufqlarni ochadi.
Markaz Toshkentning qoq markazida 10 gektar maydonda joylashgani va 200 ming kitobdan iborat eng boy kutubxonani o‘z ichiga olganini inobatga olsak, u hindistonlik tadqiqotchilar va sayyohlar uchun muqarrar ravishda ziyoratgoh maskaniga aylanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi