Hindistonning ommabop gazetasi O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida maqola chop etdi
Mart 12, 2026. 14:52 • 2 daq
• 133
KOLKATA, 12-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonning ommabop «The Statesman» nashri O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tobora kengayib borayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«O‘zbekiston Hindiston biznesi uchun Rossiya, MDH va Yevropa bozorlariga chiqish darvozasi bo‘lishga tayyor» sarlavhali maqolada O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyevning G‘arbiy Bengaliya shtati ishbilarmon doiralari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi tafsilotlari yoritilgan.
Nashrda qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalari tub burilish pallasiga kirgan. Hindiston kompaniyalari O‘zbekistonga farmatsevtika mahsulotlari, mashinalar, avtomobil ehtiyot qismlari va optik uskunalar yetkazib bermoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Hindistonga o‘g‘itlar, meva-sabzavotlar, boshqa sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilmoqda.
Gazeta O‘zbekistonning Hindiston biznesi uchun taklif etayotgan investitsiyaviy imkoniyatlariga alohida to‘xtalgan. Maqolada o‘zbekistonlik diplomatning mamlakatimiz xorijiy investorlarga maxsus sanoat zonalarida yer uchastkalari, soliq imtiyozlari va zamonaviy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini taqdim etayotgani haqidagi so‘zlari keltirilgan. Hindiston kompaniyalari uchun farmatsevtika, axborot texnologiyalari, elektronika, “yashil” energetika va boshqa sohalar alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston o‘zini 300 millionga yaqin aholiga ega MDH mamlakatlari bozoriga yo‘l ochuvchi mintaqaviy ishlab chiqarish va investitsiya xabi sifatida faol namoyon etmoqda.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokida 300 dan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, deb qayd etadi maqola muallifi.
Shuningdek, materialda, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, raqamli texnologiyalar, kamyob metallar, to‘qimachilik sanoati va turizm kabi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Muallif O‘zbekistondagi izchil iqtisodiy islohotlar hamda Hindistonning texnologiya va xizmatlar sohasidagi ustuvor jihatlari ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini tabiiy ravishda to‘ldirishiga xizmat qilishini urg‘ulagan.
Maqolada qadimiy Ipak yo‘li bilan tutashgan ikki tarixiy sivilizatsiya bo‘lmish Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar jadal surʼatlarda yangi bosqichga chiqayotgani, bu esa har ikki tomon uchun aloqalarni yana-da chuqurlashtirish, bozorlarni diversifikatsiya qilish va barqaror sheriklik aloqalarini o‘rnatish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi