Yana bir guruh vatandoshlarimiz bugun Qatardan O‘zbekistonga qaytarildi
Mart 12, 2026. 17:22 • 2 daq
• 136DOHA, 12-mart. /“Dunyo” AA/. Yaqin Sharqda davom etayotgan keskin vaziyat sharoitida bugun Qatarda bo‘lib turgan sayyohlar va talabalardan iborat yana bir guruh yurtdoshlarimiz evakuatsiya qilinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
12-mart kuni 49 nafar O‘zbekiston fuqarosi avtobuslarda Dohadan Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahriga, yana 12 nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyozga jo‘nab ketdi. Rejaga ko‘ra, ular mazkur shaharlar xalqaro aeroportlari orqali Toshkentga parvoz qilishadi.
O‘zbekistonning Dohadagi elchixonasi Qatar, Saudiya Arabistoni va BAAning tegishli idoralari bilan tezkor muvofiqlashtirish ishlarini olib bormoqda, fuqarolarimizning chegaralardan xavfsiz va to‘siqsiz o‘tishi masalasida yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Diplomatlar avtobus kolonnalarini Qatar chegaragacha kuzatib bordilar. Evakuatsiya qilingan fuqarolar ko‘rsatilgan amaliy yordam va xavfsiz evakuatsiyani tashkil etgani uchun diplomatik vakolatxonalar va “Vatandoshlar” jamoat fondiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Qatarda qolgan sayyohlarni Birlashgan Arab Amirliklari orqali yakuniy evakuatsiya qilish 13-14-mart kunlariga rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


