O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya va Ispaniyadagi elchilari Senat qo‘mitasida hisobot berdi
Mart 12, 2026. 16:00 • 2 daq
• 28TOSHKENT, 12-mart. /“Dunyo” AA/. Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya va Ispaniyadagi elchilarining hisobotlari eshitildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar, hokimliklar rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsiya va grantlarni jalb qilish, eksportni kengaytirish, yangi bozorlarni ochish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Muhokama davomida O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga tashqi aloqalarni yana-da rivojlantirish, milliy manfaatlarni faol ilgari surish, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar va ustuvor vazifalar o‘z vaqtida bajarilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatimizga xorijiy investitsiya, grant va texnologiyalarni jalb qilish, xududlararo iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika yo‘laklarini ishga solish, yetakchi xorijiy universitetlarining filiallarini ochish, qonuniy mehnat migratsiyasini diversifikatsiya qilish, xorijda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimizning xuquq va manfaatlarini tizimli himoya qilish muhimligi taʼkidlandi.
Bu borada diplomatik vakolatxonalarning vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda mahalliy Kengashlar bilan hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





