“Diplomacy Journal”: O‘zbekiston va O‘mon siyosiy ishonchni investitsiya va logistika sohasidagi natijalarga aylantirishga intilmoqda
Noyabr 17, 2026. 18:00 • 2 daq
• 157
SЕUL, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Diplomacy Journal” nashrida “Barqaror taraqqiyot markazi” nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayevning “O‘zbekiston va O‘mon siyosiy ishonchni investitsiya va logistika sohasidagi natijalarga aylantirishga intilmoqda” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 22-aprelda o‘rnatilgani, “UzOman” investitsiya kompaniyasi kapitalining 75 foizi O‘mon investitsiya boshqarmasiga, 25 foizi esa O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ekanini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonda O‘mon kapitali ishtirokidagi o‘nta korxona faoliyat yuritmoqda, qiymati 3,2 milliard dollarlik yana 20 ga yaqin qo‘shma loyiha ishlab chiqish bosqichida. Muallif bu raqam allaqachon kiritilgan mablag‘larni emas, balki istiqbolli loyihalar portfelini anglatishini qayd etadi.
Logistika masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. 2026-yil iyun oyida “Asyad Group” kompaniyasi O‘zbekiston temir yo‘l konteyner tashishlarining qariyb 25 foizi to‘g‘ri keladigan “Universal Logistics Services” va “Highway Logistics Center” korxonalarining nazorat paketlarini sotib oldi. Dukm, Soxar va Salala portlari O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarga chiqishda qo‘shimcha darvoza bo‘lishi mumkin, biroq ularning raqobatbardoshligi tranzit shartlari, tariflar va yetkazib berish muddatlariga bog‘liq.
Maqolada, shuningdek, 10-noyabr kuni Maskat shahrida eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish, o‘zbek mahsulotlari uchun savdo va logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgani, shuningdek, 16–17-noyabr kunlari biznes-forum va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgani xabar qilingan. Muallif ustuvor loyihalarning umumiy ro‘yxatini yuritish, logistikani sinov tariqasidagi tashishlar orqali qo‘llab-quvvatlash, erkin iqtisodiy zonalar hamkorligini eksportbop ishlab chiqarishga qaratish hamda suv va energetika sohasidagi loyihalarni aniq ko‘rsatkichlar asosida baholashni taklif etadi.
Yakunda Jahongir Isayev ikki mamlakat uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam poydevorga ega ekanini, muvaffaqiyatning asosiy mezoni esa siyosiy ishonchni faoliyat yuritayotgan korxonalar va ishonchli savdo yo‘llariga aylantirishdan iborat ekanini xulosa qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi