Logo

Pokistonning nufuzli banki Navoiy viloyatida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi

May 03, 2026. 13:30 • 2 daq

87
Pokistonning nufuzli banki Navoiy viloyatida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi

KARACHI, 3-may. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan Karachi shahrida bo‘lib turgan Navoiy viloyati delegatsiyasi Pokistonning yirik moliya muassasalaridan biri – “Sindh Bank” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov, “Sindh Bank” prezidenti Anvar Shayx, bosh direktor o‘rinbosari Sayid Asad Ali Shoh va boshqalar ishtirok etdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Pokiston banklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

“Sindh Bank” prezidenti O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida mamlakatning qator yetakchi banklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida izchil saʼy-harakatlar olib borilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va moliya muassasalarining erishgan yutuqlarini yuqori baholadi.

Muzokaralar chog‘ida asosiy eʼtibor Navoiy viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalarini moliyalashtirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda kreditlash mexanizmlarini kengaytirish masalalariga qaratildi. Shuningdek, bank sohasida raqamli xizmatlar va fintex yechimlarni joriy etish, banklararo hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishlari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Suhbat yakunida bank sohasidagi hamkorlikni amaliy loyihalar bosqichiga olib chiqish, ustuvor investitsiya yo‘nalishlarini belgilash va qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildir.

“Sindh Bank”bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali viloyatga investitsiya oqimini oshirish, sanoat va ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish hamda xalqaro iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishga erishish kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish