“The Lancet”: Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning onkologiya sohasidagi texnologik yutuqlarini yuqori baholadi
Fevral 24, 2026. 12:43 • 2 daq
• 127
VENA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Tibbiyot sohasidagi nufuzli “The Lancet Oncology” xalqaro jurnalida O‘zbekistonda onkologiya xizmati holati bo‘yicha tadqiqot natijalari eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jurnalda yozilishicha, Boltiqbo‘yi, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida nur terapiyasi va diagnostik tasvirlash imkoniyatlarining keng qamrovli tahlili keltirilgan. Tadqiqotda taʼkidlanishicha, butun mintaqa uchun texnologik tafovut va kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, mualliflar O‘zbekistonni sezilarli demografik yuklamaga qaramay, infratuzilmani modernizatsiya qilishning eng jadal ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan mamlakat sifatida taʼkidlagan.
Maqolaning texnik taʼminotga oid qismida aniq statistik ko‘rsatkichlar keltirilgan. Hozirgi vaqtda respublika sog‘liqni saqlash tizimida 14 ta chiziqli tezlatgich (0,41 million aholiga), 267 ta kompyuter tomografiyasi (7,73 million aholiga) va 157 ta MRT (4,55 million aholiga) apparatlari mavjud.
Muhim yutuq – 3 ta PET-KT markazlarining ishga tushirilishi bo‘lgan (1 millionga 0,09). Bu O‘zbekistonni yadro tibbiyoti usullarini joriy etish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biriga aylantiradi.
Kadrlar masalasida mamlakatda 149 nafar radiatsion onkolog va 23 nafar tibbiyot fizigi faoliyat yuritadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqori texnologiyali uskunalarni samarali ishlatish uchun mutaxassislar sonini yana-da ko‘paytirish zarur.
Mualliflar uskunalar parkini yangilash surʼatiga alohida eʼtibor berishadi. Masofaviy nur terapiyasi uchun apparatlarning umumiy sonidan deyarli 50 foizini zamonaviy chiziqli tezlatkichlar tashkil etadi. Bu mintaqadagi eng yuqori taraqqiyot ko‘rsatkichlaridan biridir. O‘zbekiston braxiterapiya sohasida ham ustunlikka ega (1 mln.ga 0,46 ta apparat). Bu yerda mamlakat qo‘shni davlatlarga (Qirg‘iziston – 0,30 va Tojikiston – 0,31) nisbatan eng yaxshi taʼminlanganlik ko‘rsatkichlarini namoyish etmoqda.
“The Lancet”ning 2025 yil sentyabr oyida chop etilgan bolalar onkologiyasidagi islohotlarga bag‘ishlangan nashrida O‘zbekiston bu borada xalqaro namunasi sifatida keltirilgan. Mamlakatning muvaffaqiyatlari tizimli davlat dasturlarining amalga oshirilishi bilan bog‘liq.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yildagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi, 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan “Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi”ning tasdiqlanishi muhim bosqich bo‘ldi.
Ushbu chora-tadbirlar Toshkent shahrida Xalqaro akademik xabni tashkil etish va bolalar uchun sifatli dori-darmonlar bilan 100 foiz bepul taʼminlash imkonini berdi. Bu esa 2030-yilga borib, bemorlarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirishga zamin yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
