2025-yilda yurtimizga 32 ming nafar yapon sayyohi kelgan
Fevral 22, 2026. 10:56 • 2 daq
• 42TOKIO, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari yurtimiz turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlab tadbir tashkil etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Yaponiya sayyohlik kompaniyalari uyushmasi (JATA) ijrochi direktori Koji Ikexata, yurtimizning ushbu davlatdagi turizm elchisi Keysuke Minami, “H.I.S. Co.Ltd”, “JTB Corp.”, “Hankyu International”, “World Air&Sea Co.Ltd”, “Nippon Travel Agency”, “Club tourism international INC”, “Nippon Travel Agency”, “Nokyo Tourist Corporation” kabi yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillari hamda taniqli sanʼatkorlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xorijiy sayyohlarga yaratilgan sharoit va qulayliklar, turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Elchi yurtimizda xalqaro standartlar asosidagi mehmonxonalar, turistik ko‘ngilochar maskanlar barpo qilish hamda turizm bozorini diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar xususida maʼlumot berdi.
JATA ijrochi direktori Koji Ikexata Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan O‘zbekiston tarixi, madaniyati, milliy taomlari, mehmondo‘st xalqi, takrorlanmas arxitekturasi bilan yapon sayyohlari uchun jozibador mamlakat ekanini alohida taʼkidladi.
2025-yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan yapon sayyohlari soni tarixda ilk marotaba 32 ming nafarga yetib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobardan ortiq o‘sgani qayd etildi. JATA vakili tomonidan Yaponiyada “O‘zbekiston turizm brendi”ni targ‘ib qilishda uyushma tomonidan barcha amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligi maʼlum qilindi.
Taniqli yapon aktyori, O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi Keysuke Minami tomonidan 2025 yilning avgust oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi taassurotlari hamda Yaponiyadagi mamlakatimizning turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha olib borayotgan faoliyati haqida maʼlumot taqdim qilindi.
Elchixona vakillari namoyish qilgan taqdimot davomida YUNESKOning butunjahon merosi obidalari ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatimizning tarixiy binolari, O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyati, yapon sayyohlari uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan milliy urf-odatlar, taomlar va turizm yo‘nalishlari haqida turli lavhalar ko‘rsatildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi maslahatchisi Asami Kinoshita Samarqand shahridan onlayn qatnashdi. U yapon sayyohlik kompaniyalari uchun yangi turizm yo‘nalishlari va dasturlari haqida maʼlumot berdi.
“Hankyu International” kompaniyasi menedjeri Ayuko Semba O‘zbekiston ushbu kompaniyaning asosiy turizm yo‘nalishlaridan biriga aylanganini taʼkidladi. Menedjer 2026 yil davomida yangi turizm dasturlarini ishlab chiqqan holda mamlakatimizga tashrif buyuradigan yapon sayyohlari sonini ikki barobarga oshirish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



