“Daily Spokesman” gazetasi : Rasmiy Toshkent va Vashington hamkorligi dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Fevral 22, 2026. 10:34 • 2 daq
• 117
ISLOMOBOD, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Spokesman” gazetasida “Tinchlik kun tartibini mustahkamlash: O‘zbekiston Tinchlik kengashi doirasida konstruktiv tashabbuslarni ilgari surishni maqsad qilgan” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17–19-fevral kunlari AQSHga tashrif buyurib, muloqotni rivojlantirish hamda dolzarb global va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish uchun ko‘p tomonlama platforma sifatida tashkil etilgan yangi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, 2026-yil yanvar oyida Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida Tinchlik kengashi taʼsis shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatlar, hukumatlar rahbarlari va bir qator taʼsischi mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
“Yil boshida ilgari surilgan ushbu tashabbus qator davlatlar, jumladan, Kengash taʼsischilari qatoriga kirgan O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tinch diplomatiya, ko‘p tomonlama hamkorlik va xalqaro barqarorlikni saqlash uchun masʼuliyat tamoyillariga sodiqligini tasdiqladi. O‘zbekistonning ushbu tuzilmani taʼsis etishdagi ishtiroki Toshkentning muloqot, xalqaro huquqni hurmat qilish va kuch ssenariylariga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan izchil tashqi siyosatini aks ettiradi”, – deyilgan materiallarda.
O‘zbekiston Prezidentining Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtiroki so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan O‘zbekiston – AQSH siyosiy muloqotining faollashuviga hamohangdir. O‘tgan yarim yil ichida rasmiy Toshkent va Vashington o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar sezilarli darajada faollashdi. Bu ikki tomonlama munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichidan dalolat beradi.
“Toshkent va Vashington o‘rtasidagi aloqalar turli formatlarda, jumladan, telefon orqali muloqotlar va tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikda qo‘llab-quvvatlandi. Iqtisodiy muloqotning kengayishi va biznes hamkorligi uchun yangi platformalarning yaratilishi ishonch mustahkamlanayotganining qo‘shimcha dalili bo‘ldi. Bu amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdorligini aks ettiradi”, – deb taʼkidlangan manbada.
Siyosiy muloqot faollashgani fonida O‘zbekiston–AQSH hamkorligi muhim yo‘nalishlarda kengayib bormoqda. Gap mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, gumanitar va taʼlim aloqalarini chuqurlashtirish haqida bormoqda. Energetika, raqamlashtirish, infratuzilma va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma loyihalar uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
“AQSHga ushbu tashrif, shubhasiz, rasmiy Toshkent va Vashington o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni har ikki tomon manfaatlariga, mintaqada va umuman dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash vazifalariga javob beradigan barqaror strategik darajaga olib chiqishga xizmat qiladi”, – deb taʼkidlangan yozgan “Daily Spokesman” gazetasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
