Misr matbuoti: O‘zbekiston bilan madaniy-ilmiy aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Fevral 22, 2026. 11:24 • 1 daq
• 22
Qohira, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. Misrning yetakchi ommaviy axborot vositalarida “Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondi raisi Olimjon Davlatovning fikrlari bayon etilgan bo‘lib, unda ikki davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda keng imkoniyatlar ochayotgani qayd etilgan.
Shu yil fevral oyida o‘zbek ilmiy ekspeditsiyasining Qohiraga tashrifi ushbu do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lgani ham alohida taʼkidlangan.
“Tashrif doirasida Qohira universiteti va Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat talabalar va tadqiqotchilar uchun yangi taʼlim imkoniyatlarini yaratish bilan birga, arab va o‘zbek adabiyotining sara namunalarini tarjima qilish va nashr etishni ko‘zda tutadi. Qohira universiteti kutubxonasida turkiy tillardagi 15 mingdan ortiq noyob qo‘lyozma saqlanmoqda. Tomonlar ushbu maʼnaviy xazinani tizimli o‘rganish va kataloglarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikka kelishdi”, deya yozilgan maqolada.
Bundan tashqari, Madaniy merosni raqamlashtirishga ixtisoslashgan “Ilm” muassasasi bilan hamkorlikda noyob qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamli shaklga o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga start berilgan. Bu esa tadqiqotchilarga Alisher Navoiy va boshqa buyuk mutafakkirlar merosini chuqurroq o‘rganish imkonini yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
