“Al Riyadh” gazetasi: Saudiyalik turistlarning Samarqand va Buxoroga qiziqishi tobora ortmoqda
Aprel 20, 2026. 16:40 • 2 daq
• 76
AR-RIYOZ, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonida chop etiladigan mashhur “Al Riyadh” kunlik gazetasida eʼlon qilingan maqolada saudiyalik turistlar uchun O‘zbekiston eng qiziqarli manzillar qatoriga kiritilgani qayd etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, dunyo poytaxtlarining aksariyati haqiqiy turizm uchun unchalik mos emas va ularga ko‘proq tranzit sifatida tashrif buyurish tavsiya etiladi. Muallif fikricha, bunday istisnolar juda kam bo‘lib, ular qatoriga Parij, London, Ar-Riyod, Buenos-Ayres, Kuala-Lumpur va Moskva kiradi.
Maqolada saudiyalik sayyohlar orasida madaniy va tarixiy turizmga qiziqish sezilarli darajada oshgani taʼkidlanadi. 2019-yilda ularning 65 foizi asosan xarid va oilaviy dam olish uchun sayohat qilgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 68 foizi muzeylar, tarixiy obidalar va sanʼatga ko‘proq eʼtibor qaratmoqda.
Muzeylar va madaniy tadbirlarga sarflanadigan xarajatlar 2019–2024-yillar davomida 24 foizga oshgan va hozirda umumiy turistik byudjetning qariyb 20 foizini tashkil etmoqda.
“Al Riyadh”da O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshganini alohida qayd etilgan. Gazeta maʼlumotlariga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston Yaponiya va Italiya bilan birga saudiyalik sayyohlar uchun eng ommabop madaniy yo‘nalishlar uchligiga kirgan.
So‘nggi ikki yilda madaniy meros va tarix yo‘nalishida O‘zbekistonga bo‘lgan talab 35 foizga oshgani aytilmoqda.
Maqolada O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning asosiy sabablari sifatida Samarqand va Buxoro shaharlari ko‘rsatilgan. Saudiyalik sayyohlar bu shaharlarda dunyodagi eng mashhur islom meʼmorchiligi namunalarini ko‘rishi,buyuk musulmon allomalari tarixi bilan tanishishi, deyarli asl holatda saqlangan madrasalar va masjidlarni ziyorat qilishi, ipak, gilam va sopol buyumlar kabi noyob hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qilishi mumkinligini taʼkidlagan.
Maqola xulosasida saudiyalik sayyohlarga sayohatga buyuk arab sayyohlari – Ibn Battuta va Ibn Fadlan kabi tarixiy shaxslar nigohi bilan qarash tavsiya qilingan. Bunday yondashuv sayohatni oddiy dam olish emas, balki chuqur madaniy va maʼnaviy boylikka aylantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi