Logo

Polsha OAV: Samarqand forumi Polsha–O‘zbekiston akademik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi

Aprel 20, 2026. 15:30 • 3 daq

53
Polsha OAV: Samarqand forumi Polsha–O‘zbekiston akademik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi
Polsha OAV: Samarqand forumi Polsha–O‘zbekiston akademik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi
Polsha OAV: Samarqand forumi Polsha–O‘zbekiston akademik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi

VARSHAVA, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Polshaning qator yetakchi ommaviy axborot vositalarida Samarqanddagi O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan muhim uchrashuvlar va rektorlar forumi haqida turkum maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda ikki davlat o‘rtasidagi akademik aloqalarning yangi bosqichga chiqqani, memorandumlar imzolangani hamda strategik hamkorlikning kelajak yo‘nalishlari atroflicha yoritilgan.

Xususan, “Gov.pl” davlat internet portalida chop etilgan maqolada Samarqand shahrida o‘tkazilgan uchinchi rektorlari forum Polsha–O‘zbekiston muloqoti ikki mamlakat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim bosqich ekani taʼkidlangan.

Materialda qayd etilishicha, forum doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, panel muhokamalari va yangi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan. Polsha taʼlim va fan vaziri Marsin Kulyasek bu hamkorlikni Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan strategik yo‘nalish sifatida baholagan.

Radiomaryja” nashri esa Samarqandda imzolangan memorandumning mazmuniga alohida eʼtibor qaratgan. Unga ko‘ra, hujjat talaba almashinuvi, qo‘shma tadqiqot markazlari tashkil etish, akademik konsorsiumlar yaratish hamda universitetlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, Polsha tomoni NAWA (Milliy akademik almashinuv agentligi) bilan hamkorlikda “strategik davlatlar” dasturini ishga tushirishni rejalashtirayotgani qayd etilgan bo‘lib, unga Turkiya, Vyetnam, Janubiy Koreya va O‘zbekiston kiritilgan.

Nauka w polsce” portalida esa Polsha va O‘zbekiston o‘rtasidagi akademik hamkorlikning so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgani, Polshada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ortib borayotgani haqida maʼlumot berilgan. Rasmiy statistikalarga ko‘ra, so‘nggi yillarda ularning soni 280 nafardan ikki ming nafargacha ko‘paygan. Bu O‘zbekistonni Polshadagi xorijiy talabalar orasida eng yirik o‘nlikka kiritgan.

Pulshr” nashrida mazkur hamkorlikning strategik ahamiyatiga eʼtibor qaratilgan. Unda professor Bogumila Kanevska O‘zbekistonni demografik jihatdan yosh va jadal rivojlanayotgan davlat sifatida taʼriflab, uni Polsha universitetlari uchun muhim hamkor deb atagan. Shu bilan birga, u vizalar va ruxsatnomalar berish jarayonlarini soddalashtirish talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yana-da samarali qilishini taʼkidlagan.

Barcha nashrlarda umumiy xulosa sifatida shu jihat alohida qayd etilganki, Samarqandda bo‘lib o‘tgan forum va imzolangan memorandum Polsha va O‘zbekiston o‘rtasidagi akademik munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu hamkorlik nafaqat ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilmiy-maʼrifiy integratsiyani ham kuchaytiradi.

Samarqandda tashkil etilgan rektorlar forumi doirasida imzolangan kelishuvlar ikki davlatning taʼlim sohasidagi strategik yaqinlashuvi uchun muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Bu jarayon kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi hamda innovatsion tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish