Moskvadagi anjumanda Amir Temurning jahon tarixidagi o‘rni muhokama qilindi
Aprel 10, 2026. 10:24 • 3 daq
• 169
MOSKVA, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston elchixonasida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Sohibqiron Amir Temur – Sharqning ikkinchi Renessansi bunyodkori” mavzusida ilmiy-maʼrifiy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va professorlari, ekspert va tahlilchilar, jamoat arboblari, shoirlar, sharqshunoslar hamda Rossiyaning turli universitetlarida tahsil olayotgan 60 nafardan ortiq vatandosh talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov Amir Temurning milliy davlatchiligimiz taraqqiyotida tutgan o‘rni va jahon tarixi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
U o‘z nutqida bugungi kunda Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish va eʼtibor tobora ortib borayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, Sohibqironning davlat ishlaridagi donoligi, zakovati, jasorati, vatanparvarligi, topqirligi va mustahkam irodasi kabi fazilatlari yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanini urg‘uladi. “Temur tuzuklari”ning ahamiyatiga to‘xtalib, ular yoshlarda vatanparvarlik ruhini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Amir Temurning jahon tarixidagi o‘rnini yuqori baholab, o‘z fikr va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Rossiya Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi professori Igor Krugovix ikki davlat tarixi xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashini qayd etdi. Uning fikricha, tarixiy meros masalasi zamonaviy milliy davlat qurilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu Yangi O‘zbekiston siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda milliy davlatchilikni rivojlantirish va anʼanaviy qadriyatlarni asrashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan.
Rossiya davlat gumanitar universiteti professori Darya Jigulskaya ham tadbirning ahamiyatini yuqori baholab, uni zamonaviy O‘zbekiston milliy o‘zligini mustahkamlashda muhim omil sifatida eʼtirof etdi. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda Amir Temur nomi butun bir tarixiy davr bilan bog‘liq. Buni Toshkent va Samarqanddagi yodgorliklarda, milliy valyuta va davlat mukofotlari dizaynida ham ko‘rish mumkin.
Professor fikricha, Amir Temur xotirasi nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki muayyan ijtimoiy va siyosiy maqsadlarga ham xizmat qiladi. Shu bois, uni ulug‘lash jarayoni nafaqat o‘tmishga hurmat, balki millatni birlashtiruvchi va tarixiy vorislikni taʼminlovchi muhim omil hisoblanadi.
Konferensiya yakunida mehmonlarga Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan qisqametrajli hujjatli film namoyish etildi. Shuningdek, uning hayoti va faoliyatiga oid adabiy, ilmiy va publitsistik asarlardan iborat kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi