Logo

Britaniyaning yetakchi arxitektura kompaniyasi bilan Toshkentda ofisini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi

Mart 14, 2026. 11:00 • 2 daq

Britaniyaning yetakchi arxitektura kompaniyasi bilan Toshkentda ofisini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi

LONDON, 14-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning “Cross Works” arxitektura kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi direktori Hakan Akcha bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hakan Akcha suhbat avvalida O‘zbekiston hukumati, xususan, “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” rahbariyati bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligini mamnuniyat bilan qayd etib, ushbu hududdagi bunyodkorlik ishlarida faol qatnashayotganligini maʼlum qildi.

Shuningdek, Britaniya tomoni O‘zbekistonning boshqa hududlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli infratuzilma va shaharsozlik loyihalari bo‘yicha ham hamkorlikka qiziqayotganini taʼkidladi. Jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, Hakan Akcha “Cross Works”ning O‘zbekistondagi faoliyati kengayishi doirasida mahalliy arxitektorlar va muhandislar uchun malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida “Cross Works”ning O‘zbekistondagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Toshkent shahrida kompaniyaning Markaziy Osiyo va MDH uchun mintaqaviy vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Cross Works” – Londonda joylashgan arxitektura va shaharsozlik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xalqaro dizayn kompaniyasi. Shahar va hududlarni rejalashtirish, arxitektura dizaynlari, raqamli kartografiya hamda yirik infratuzilma loyihalari uchun innovatsion yechimlar shakllantirishga ixtisoslashgan. Yangi Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqqan. Londondan tashqari Ar-Riyoz shahrida ham ofisi mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish