Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Fevral 20, 2026. 15:37 • 2 daq

17
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Rossiyada migrantlar uchun yangi qonun qabul qilinishi mumkin

Rossiya Davlat dumasida migrantlarga ijtimoiy nafaqalarni faqat 20 yil Rossiyada yashagandan keyin berish taklif qilindi. Bu haqda “Spravedlivaya Rossiya” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov “Gazeta.Ru” nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi. 

Manba: gazeta.ru

***

Besh davlat davlat G‘azoga qo‘shin yuboradi

Beshta davlat o‘z harbiylarini G‘azo sektoridagi Xalqaro barqarorlik kuchlarida ishtirok etishga jalb qildi. Bu haqda ushbu tuzilma qo‘mondoni general-mayor Jasper Jeffers Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida so‘zlagan. Uning taʼkidlashicha, dastlab besh davlat — Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya Xalqaro barqarorlik kuchlarida xizmat o‘tash uchun o‘z qo‘shinlarini jalb qilganini eʼlon qilgan. Misr va Iordaniya politsiyani o‘qitish majburiyatini oldi.

Manba: Reuters

***

Peruda 80 yoshdan oshgan siyosatchi muvaqqat prezident bo‘ldi

Peru Kongressi bolalar nikohini yoqlab chiqqan 80 yoshdan oshgan so‘l qanot deputati Xose Mariya Balkazarni mamlakatning muvaqqat prezidenti etib sayladi. U aprel oyida o‘tkaziladigan umumiy saylovlargacha davlatni boshqaradi. Balkazar 2016-yildan buyon Peruning to‘qqizinchi prezidenti bo‘ldi. Kutilmagan saylov jarayonida u konservativ nomzod — Marya del Karmen Alvani mag‘lub etdi. 

Manba: The Guardian

***

AQShning 13 ta shtati Tramp maʼmuriyatini sudga berdi

AQShning 13 ta shtati Donald Tramp maʼmuriyatiga qarshi sudga daʼvo kiritdi. Bunga Oq uyning “yashil” energiya loyihalari uchun ajratilgan 1,2 milliard dollarlik grantlarni bekor qilgani sabab bo‘lgan. Daʼvo arizasi Kaliforniya, Kolorado, Vashington, Konnektikut, Illinoys, Merilend, Massachusets, Nyu Jersi, Nyu York, Oregon, Rod Aylend, Vermont va Viskonsin shtatlari tomonidan kiritilgan.

Manba: The Hill

***

Buyuk Britaniya qirolining ukasi 12 soatlik so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz IIIning kichik ukasi Endryu Mauntbetten-Vindzor 19 fevral kuni amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha olib borilayotgan tergov fonida qo‘lga olingan edi. O‘sha kuni kechasi u qariyb 12 soatlik so‘roqdan keyin politsiya bo‘limidan ozodlikka qo‘yib yuborilgan. Politsiya bayonotiga ko‘ra, Endryu rasmiy lavozimlarda bo‘lgan davrida o‘z mavqeini suiisteʼmol qilgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinmoqda. Avvalroq Endryu Epshteyn bilan yaqin aloqalari haqidagi maʼlumotlar maʼlum bo‘lganidan keyin shahzoda unvonidan mahrum etilgan.

Manba: Deutsche Welle

***

G‘azodagi qurbonlarning haqiqiy soni rasmiy statistikadan ancha ko‘p

Nufuzli The Lancet Global Health jurnalida eʼlon qilingan yangi tadqiqotga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari boshlanganidan beri o‘tgan birinchi 16 oy davomida “zo‘ravonlik bilan bog‘liq o‘limlar” soni 75 mingdan oshgan. Bu o‘sha davrdagi rasmiy statistikadan sezilarli darajada yuqoridir.

Manba: Middle East Eye

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish