Butunjahon turkiy tillar oilasi kuniga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Fevral 02, 2026. 11:20 • 51 soniya
• 24MADRID, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Ispaniya poytaxtida Butunjahon turkiy tillar oilasi kuniga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Ispaniyadagi diplomatik korpus xodimlari, madaniyat va taʼlim sohasi vakillari va turkiy davlatlar diasporalari ishtirok etdi.
“Biz bir-birimizni tushunamiz” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur tadbirdan asosiy maqsad qatnashchilarni o‘zbek, turk va ozarbayjon tillari, adabiyoti hamda madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, turkiy tillar vakillarining o‘zaro yaqinligi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni namoyon etishdan iborat bo‘ldi.
Dastur doirasida turkiy tillarning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, xususan, o‘zbek, turk va ozarbayjon tillarining shakllanish va rivojlanish tarixi, ularning mushtarak va farqli jihatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar namoyish qilindi.
Ishtirokchilar uchun xalq og‘zaki ijodidagi umumiy maqol va iboralarni aniqlashga qaratilgan interaktiv dastur tashkil etildi. Bu mehmonlarga turkiy mamlakatlarning boy maʼnaviy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Tadbir yakunida mehmonlar o‘zbek, turk va ozarbayjon milliy taomlaridan tatib ko‘rdi. Ushbu madaniy-maʼrifiy kecha iliq va do‘stona ruhda o‘tdi va ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




