Islomobodda O‘zbekiston-Pokiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi
Fevral 01, 2026. 16:15 • 2 daq
• 19
TOSHKENT, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Kecha Islomobod shahrida O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 9-davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev, Pokiston tomoniga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sayid Ali Asad G‘iloniy rahbarlik qildi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarning ijrosi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar turli darajadagi faol aloqalar, o‘zaro savdo hajmi izchil o‘sib borayotgani va sanoatning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish hamda ko‘p tomonlama platformalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor jihatlariga eʼtibor qaratildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim va sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida mavjud salohiyatdan foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maslahatlashuvlar davomida joriy yilda rejalashtirilgan turli darajadagi tashriflar, qo‘shma tadbirlar, jumladan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes-forum va milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, qator madaniy tadbirlarni o‘tkazishning muhimligi urg‘ulandi.
O‘zbekiston va Pokiston ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida yaqin muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
