O‘zbekiston delegatsiyasi Pokiston sarmoyasi ishtirokida Navoiy viloyatida terini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi
May 01, 2026. 20:00 • 2 daq
• 115KARACHI, 1-may. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Karachi shahriga amaliy tashrifi doirasida “Nova Leathers (Pvt.) Ltd.” kompaniyasi bosh direktori Irfan Iqbol bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Nova Leathers (Pvt.) Ltd.” charmni qayta ishlash va yuqori sifatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonasi hisoblanadi. 1986-yilda tashkil etilgan kompaniyada charmni qayta ishlashning to‘liq sanoat sikli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, charm kurtkalar, sumkalar, kiyim-kechak sanoati uchun maxsus charm materiallari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Uchrashuv davomida Pokiston kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda ilg‘or texnologiyalar transferini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Hokim Normat Tursunov O‘zbekistonda charm sanoati va teriga ishlov berish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Bosh direktor Irfan Iqbol o‘z kompaniyasining ko‘p yillik tajribasiga tayanib, Pokiston charm sanoatining eksport salohiyati, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, xalqaro bozor talablari va tendensiyalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralarda Navoiy viloyatida charmni qayta ishlash sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma korxonalar tashkil qilish hamda eksportbop, yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida charmni qayta ishlash sohasida o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



