Pragadan munosabat: Chexiya–O‘zbekiston o‘rtasida yangi strategik sheriklik aloqalari o‘rnatiladi
May 01, 2026. 20:23 • 2 daq
• 143
PRAGA, 1-may. /“Dunyo” AA/. Praga Metropoliten universiteti o‘qituvchisi, falsafa doktori Yaroslav Halik “Dunyo” AAga Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va strategik hamkorlikni yana-da kuchaytirishga qaratilgan muhim qadamdir. Tashrif davomida Bosh vazirga iqtisodiyot vaziri Karel Havlichek hamda 50 dan ortiq kompaniya vakillaridan iborat biznes delegatsiya hamrohlik qildi.
O‘zbekiston Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik hudud bo‘lib, boy resurslari va o‘sib borayotgan bozori bilan ajralib turadi. Markaziy Osiyoda Rossiya, Xitoy, Turkiya va Eron manfaatlari kesishadi. Shu sharoitda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni faol rivojlantirmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Chexiyaning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. So‘nggi yillarda Chexiya eksporti sezilarli darajada oshgan.
Chexiya asosan avtomobillar, sanoat uskunalari, nasoslar, dori-darmonlar va telekommunikatsiya vositalarini eksport qiladi. O‘zbekiston esa mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik mahsulotlari, mis hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beradi.
O‘zbekistonda raqamlashtirish va innovatsiyaga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi amalga oshirilmoqda, “IT Park Uzbekistan” kabi markazlar tashkil etilgan.
Shuningdek, Chexiya va O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik rivojlanmoqda. Praga Metropoliten universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida memorandum imzolangan.
2025-yilda “UzSA-CZ” — Chexiyadagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasi tashkil etildi. 2026 yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan biznes forumi yangi sherikliklar uchun muhim platforma bo‘ldi.
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda “Škoda Transportation” kompaniyasi tomonidan elektr poyezdlarini yetkazib berish va mahalliylashtirish, temir yo‘l va shahar transportini modernizatsiya qilish, energetika va qayta tiklanuvchi energiya loyihalari, shuningdek, geologiya va xomashyo qazib olish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Fikrimcha, bunday yuqori darajadagi tashriflar va biznes missiyalar siyosiy muloqotni aniq iqtisodiy loyihalarga aylantirishga xizmat qiladi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi