Logo

Dushanbeda Markaziy Osiyo atrofidagi mojarolar oqibati muhokama qilindi

May 01, 2026. 19:41 • 4 daq

71
Dushanbeda Markaziy Osiyo atrofidagi mojarolar oqibati muhokama qilindi

TOSHKENT, 1-may. /“Dunyo” AA/. 30 aprel kuni Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo xavfsizlik arxitekturasi: zamonaviy tahdidlar va strategik imkoniyatlar” mavzusida Markaziy Osiyo xavfsizlik forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) delegatsiyasi ishtirok etdi.

Forum Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tomonidan Konrad Adenauyer nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mintaqa davlatlarining ekspert-tahliliy va ilmiy doiralari, mintaqaviy xavfsizlik va tinchlik o‘rnatish sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Munozaralar davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyoda xavfsizlikka oid zamonaviy tahdid va xatarlarga, ularni prognoz qilish va o‘zgartirish masalalariga, transchegaraviy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy omillar hamda transport-logistika bog‘liqligining mintaqa barqarorligiga taʼsiriga asosiy eʼtiborni qaratdi.

Markaziy Osiyo atrofida bo‘ylab yuzaga kelayotgan mojarolar oqibatlari va noanʼanaviy tahdidlarning, eng avvalo, axborot-kommunikatsiya sohasidagi tahdidlarning kuchayishiga alohida urg‘u berildi.

Mavjud sharoitda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda birgalikda chora ko‘rish mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

SMTI vakillari kuchayib borayotgan geosiyosiy parchalanish hamda global va mintaqaviy jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi ortib borayotgani fonida mintaqaviy xavfsizlik transformatsiyasining asosiy tendensiyalarini qayd etdi. SMTI markazi rahbari Murod Uzoqov iqtisodiyotlar, infratuzilma va axborot makonlarining o‘zaro bog‘liqligini chuqurlashtirish mintaqaviy barqarorlikka tashqi omillarning taʼsirini obyektiv ravishda kuchaytirishini, bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik sohasidagi kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqishni yanada dolzarblashtirishini taʼkidladi.

Mintaqa mamlakatlari mintaqaviy subyektlik xususiyatlarini izchil mustahkamlab, o‘zaro hamkorlikning yanada barqaror va institutsionallashgan formatlarini shakllantirmoqda. Bu borada mintaqaviy muloqotni rivojlantirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning integratsiyasi va barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surib, bu jarayonlarga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etayotgan suv va iqlim masalalariga, shuningdek, uzoq muddatli barqarorlik hamda izchil taraqqiyotning muhim omili bo‘lgan mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayonlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muhokamalar davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishning barqaror mexanizmi sifatida alohida muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. 7-uchrashuv yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan choralar o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun zamin yaratishi taʼkidlandi.

Kun tartibini muhokama qilishda transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. SMTI bo‘lim boshlig‘i Azamat Sulimanov ushbu omilning Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri sifatidagi ahamiyati tobora ortib borayotganini taʼkidladi. Uning fikricha, geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab, yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish va qo‘shimcha logistika yo‘laklarini rivojlantirish zarurati kuchaymoqda.

Ekspertning taʼkidlashicha, tashqi inqirozlar, jumladan, Yaqin Sharqdagi muammolar global taʼminot zanjirlariga sezilarli taʼsir ko‘rsatib, transport xarajatlarining oshishiga, yetkazib berish muddatlarining uzayishiga va logistikaning murakkablashishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda tranzit oqimlarining barqarorligini taʼminlashga qodir bo‘lgan hududlarning roli ortib bormoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo tobora ko‘proq shakllanayotgan Yevroosiyo geoiqtisodiy arxitekturasining muhim qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Mintaqa havo hududining Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi barqaror tranzit yo‘nalishi sifatidagi ahamiyati ortib borayotgani, “land-losked” modelidan chuqur o‘zaro transport bog‘liqligi va integratsiyalashgan infratuzilma tarmog‘ini rivojlantirishni nazarda tutuvchi “land-linked” modeliga bosqichma-bosqich o‘tilayotgani alohida taʼkidlandi.

Shu bilan birga, keng ko‘lamli infratuzilmaviy kun tartibini amalga oshirish davlatlararo muvofiqlashtirishni kuchaytirishni hamda loyihalarni boshqarishning kelishilgan mexanizmlarini, jumladan, yagona transport infratuzilmasini rivojlantirish, yirik loyihalarni (“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on koridori, Transkaspiy yo‘nalishlari) tatbiq etish va logistikani raqamlashtirishni taqozo etishiga qatʼiy ishonch bildirildi.

Shu nuqtai nazardan, forum ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda mintaqaviy muvofiqlashtirishni mustahkamlash va integratsiya loyihalari samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari darajasidagi Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish