Logo

Moskvada muqaddas Ramazon oyida vatandoshlar uchun iftor tadbirlari o‘tkazilmoqda

Mart 08, 2026. 11:03 • 2 daq

127
Moskvada muqaddas Ramazon oyida vatandoshlar uchun iftor tadbirlari o‘tkazilmoqda
Moskvada muqaddas Ramazon oyida vatandoshlar uchun iftor tadbirlari o‘tkazilmoqda
Moskvada muqaddas Ramazon oyida vatandoshlar uchun iftor tadbirlari o‘tkazilmoqda

MOSKVA, 8-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar doirasida, mamlakatimiz Elchixonasi tomonida Rossiyaning «Monotek Stroy» MChJ qurilish kompaniyasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimiz uchun iftor tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda mazkur korxonada faoliyat yuritayotgan 400 nafardan ortiq yurtdoshlarimiz, shuningdek, O‘zbekistondan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi «Xalifa Xudoydod» masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berish chog‘ida Elchixona vakillari hamda imom-xatib muborak Ramazon oyi munosabati bilan respublika rahbariyati nomidan O‘zbekiston fuqarolariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarni yetkazdilar.

Iftor davomida yurtdoshlarimizga, mamlakatimizda Prezident rahbarligida, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash, aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.

Imom-xatib tadbir davomida yurtimiz va xalqimiz ravnaqi yo‘lida duolar qildi hamda Qurʼoni karim oyatlaridan tilovat o‘qidi. Shuningdek, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan suhbat o‘tkazilib, bunday tadbirlarning chet elda yashovchi fuqarolar bilan aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyati alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar so‘zlariga ko‘ra, vatandan uzoqda bo‘lishlariga qaramay, O‘zbekiston va butun xalqimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikni chuqur his qilganliklarini taʼkidladilar.

Iftor tadbiri bayramona va samimiy ruhda o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish