Turkiyaning Karabyuk universitetida o‘zbekistonlik talabalar uchun iftorlik dasturxoni yozildi
Mart 07, 2026. 09:10 • 2 daq
• 169
KARABYUK, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Karabyuk universitetida tahsil olayotgan 150 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabalar uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda oliy taʼlim muassasasi rektori va professorlari, diplomatik vakolatxona vakillari hamda Farg‘ona shahar imom-xatibi Jo‘rabek Rahmonov ishtirok etdi.
Universitet rektori Refik Polat o‘zbekistonlik talabalarning ilmiy salohiyati va oliygoh ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini yuqori baholadi. U O‘zbekiston hukumatining xorijda taʼlim olayotgan yoshlarga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligini alohida eʼtirof etib, bunday maʼnaviy tadbirlar talabalarning ruhiyatini ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan filologiya fanlari doktori, professor Saidbek Boltabayev davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlarga to‘xtalib, talabalarni bu sharoitlardan unumli foydalanishga va Vatan shaʼnini munosib himoya qilishga chaqirdi.
Imom-xatib Jo‘rabek Rahmonov muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, milliy-diniy qadriyatlar, mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik, ilm olish va jamiyatga foydali inson bo‘lish kabi ezgu amallar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Iftorlik yakunida Qurʼon tilovat qilinib, yurt tinchligi va el omonligi uchun duolar qilindi.
Vatandoshlar bu kabi tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining xorijdagi amaliy ifodasi bo‘layotgani, har bir vatandosh o‘z ortida davlatning yuksak eʼtibori va qo‘llab-quvvatlovi borligini his qilishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi