O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Singapur biznes federatsiyasi davra suhbatida qatnashdi
Iyun 22, 2026. 18:00 • 2 daq
• 92TOSHKЕNT, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Singapur biznes federatsiyasida mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Singapur biznes federatsiyasida mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Tadbirda “Wilmar International”, “Indorama Corporation”, “Singapore Technologies Engineering”, “Meta”, “Franklin Templeton”, “StoneX”, “Meinhardt”, “Quest Ventures”, “Investbanq”, “Global Finance & Technology Network”, “TASCA” hamda boshqa kompaniyalarning rahbar va vakillari ishtirok etdi.
Suhbat davomida sun’iy intellekt, venchur investitsiyalari, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, “aqlli shaharlar”, raqamli infratuzilma va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdik.
Singapur ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, qulay investitsiya muhitini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.
Mazkur davra suhbatining yuqori saviyada tashkil etilishiga qo‘shgan hissasi uchun Singapur biznes federatsiyasi ijrochi direktori Samantha Teoga hamda barcha singapurlik do‘stlarimizga samimiy minnatdorlik bildiramiz”.
“Dunyo” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








