Malayziyalik investorlar Sirdaryoga sarmoyaviy maydon sifatida katta qiziqish bildirmoqda
Yanvar 29, 2026. 09:00 • 2 daq
• 33
KUALA-LUMPUR, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning yetakchi “Bernama” axborot agentligi rasmiy sahifasida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, malayziyalik investorlar Sirdaryo viloyatini Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga kirish uchun strategik markaz sifatida ko‘rmoqda. Gap, mintaqadagi xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan qulay ekotizim va qariyb ikki ming gektar maydonni egallagan Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi haqida bormoqda.
Maʼlum qilinishicha, erkin iqtisodiy zonada faoliyat yurituvchi Malayziya kompaniyalari soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanadi - uch yildan o‘n yilgacha foyda, mol-mulk va yer solig‘idan ozod qilinadi. Qolaversa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar MDH davlatlariga deyarli erkin savdo rejimida eksport qilinadi.
Qayd etilishicha, GSP+ tizimi doirasida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga 6 mingdan ortiq turdagi tovarlarni bojsiz eksport qilish imkoniyatiga ega. Ushbu afzalliklar ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalar fonida bo‘lib o‘tgan “Sirdaryoda biznes qiling” O‘zbekiston-Malayziya forumi davomida taqdim etildi.
Maqolada O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomidin Gadoyevning so‘zlari ham keltirilgan. U Sirdaryo viloyatini “Mini-Malayziya” deb ataydi va malayziyalik mutaxassislarni birinchi navbatda, axborot texnologiyalari sohasida faol ishtirok etayotganini eʼtirof etgan.
“Ikki tomonlama savdo “oltin davr”ni boshdan kechirmoqda: 2025-yilda Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 16,3 foizga o‘sib, 109,9 million dollarga yetdi”, deya xulosa qilgan “Bernama” AA.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
