Logo

Hindistonning ishbilarmonlik jurnalida O‘zbekistonning kitobxonlikni ommalashtirish borasidagi tashabbusi yoritildi

Fevral 28, 2026. 10:42 • 2 daq

24
Hindistonning ishbilarmonlik jurnalida O‘zbekistonning kitobxonlikni ommalashtirish borasidagi tashabbusi yoritildi

DEHLI, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Hindistonning «Business Central Asia» ishbilarmonlik jurnalining fevral oyi sonida O‘zbekistonning aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi davlat dasturiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«O‘zbekiston kitob o‘qiydiganlarni rag‘batlantiradi» (Uzbekistan to reward those who read books) sarlavhali maqola hind biznes hamjamiyati va xorijiy kitobxonlarni mamlakatimizning keng ko‘lamli rejalari bilan tanishtiradi.

Materialda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 15-yanvardagi kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil yoritilgan.

Xorijiy nashr O‘zbekiston davlat xizmatchilari, maktab o‘quvchilari va talabalar orasidagi eng faol kitobxonlarni rag‘batlantirishning noyob tizimini joriy etayotganini alohida taʼkidlagan.

Jurnal dasturning asosiy jihatlari - kitobxonlarni moddiy rag‘batlantirish, adabiyot va mualliflarni qo‘llab-quvvatlash, nashriyot faoliyatidagi infratuzilmaviy o‘zgarishlar va boshqa masalalarga eʼtibor qaratgan.

«Ilk bor qonunchilik darajasida eng ko‘p kitob o‘qigan davlat xizmatchilari, maktab o‘quvchilari va talabalar uchun pul mukofotlari belgilanmoqda. Eng ko‘p kitob o‘qigan mulozimlar bir oylik ish haqi miqdorida mukofot puli olishi mumkin, taʼlim oluvchilar orasidagi top-100 ta eng faol kitobxon esa bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi», deb yozadi «Business Central Asia».

Maqolada Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi haqida so‘z yuritilgan. Ushbu jamg‘arma isteʼdodli yozuvchilarga oylik stipendiyalar to‘laydi, shuningdek, xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotini chet tillariga tarjima qilish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplaydi.

Nashr «Kitob - maʼrifat manbai» milliy dasturining ishga tushirilishiga ham eʼtibor qaratgan. 1-fevraldan boshlab kitob va kitobxonlikning davlat reklamasi ijtimoiy maʼlumotlarga tenglashtirildi. Bundan tashqari, jamoat transportida “Mutolaa” onlayn platformasidan foydalanish uchun QR-kodlar paydo bo‘ladi.

Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni yoritishga ixtisoslashgan «Business Central Asia» jurnalidagi ushbu maqola xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistondagi islohotlarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Jurnalning O‘zbekiston tashabbuslariga bo‘lgan qiziqishi mamlakatimizning inson kapitali va gumanitar rivojlanish masalalarida mintaqaviy yetakchi sifatidagi roli ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish