Logo

Rossiya poytaxtida o‘tkazilgan iftorlikda buxorolik imom-xatib maʼruza qildi

Fevral 28, 2026. 10:29 • 2 daq

49
Rossiya poytaxtida o‘tkazilgan iftorlikda buxorolik imom-xatib maʼruza qildi
Rossiya poytaxtida o‘tkazilgan iftorlikda buxorolik imom-xatib maʼruza qildi
Rossiya poytaxtida o‘tkazilgan iftorlikda buxorolik imom-xatib maʼruza qildi

MOSKVA, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” ezgu g‘oya asosida xorijda mehnat qilayotgan va yashayotgan vatandoshlar ishtirokida ham turli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, yurtimizning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan “Ant Yapi” xalqaro qurilish holdingda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi.

Mazkur tadbirda ushbu korxonada faoliyat yuritayotgan 600 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari, Buxoro viloyatidagi “Xalifa Xudoydod” masjidi imom-xatibi Odiljon Saʼdilloyev ishtirok etdi. Imom-xatib mazkur tadbirda hamyurtlarimizga Ramazon oyi fazilatlari va muqaddas islom dini haqida keng tushuncha berish maqsadida O‘zbekistondan tashrif buyurdi.

Imom-xatib yurtdoshlarimizni Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etib, diyorimizda muqaddas Ramazon oyida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Xususan, ehtiyojmand oilalar hamda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, mazkur davrda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ramazon kunlarida keksalar, yolg‘iz va ehtiyojmand insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish nafaqat davlatning ijtimoiy majburiyati, balki jamiyatning yuksak maʼnaviy qadriyati ekani qayd etildi.

Tadbir davomida vatandoshlarimizga o‘zbek xalqining boy va qadimiy tarixi, uning beqiyos maʼnaviy merosi hamda buyuk ajdodlarimizning jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, turli millat va din vakillari o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan oqilona siyosatga yuksak baho berildi.

Iftor tadbiri yuksak tashkiliy saviyada, samimiy va bayramona ruhda o‘tkazilib, hamjihatlik va do‘stlik muhiti vatandoshlarimiz qalbida chuqur taassurot qoldirdi.

Muqaddas Ramazon kunlarida ular O‘zbekiston hukumati va butun o‘zbek xalqining samimiy eʼtibori hamda doimiy g‘amxo‘rligini yana bir bor his etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish