Logo

O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk tashish hajmini 60 million tonnaga yetkazmoqchi

Fevral 20, 2026. 14:48 • 59 soniya

53
O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk tashish hajmini 60 million tonnaga yetkazmoqchi

OSTONA, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston va O‘zbekiston temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini yanada oshirish va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazinform” xalqaro axborot agentligi maʼlumotiga tayanib.

Ikki mamlakat transport vazirlarining uchrashuvi Qozog‘iston Prezidentining tranzit salohiyatini oshirish va tranzit tashuvlari hajmini 55 million tonnaga yetkazish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasining strategik ahamiyatini, uning mintaqaviy transport integratsiyasidagi asosiy rolini alohida qayd etdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l tashuvlari hajmi 32,3 million tonnani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 16 foizga oshgan. Barqaror o‘sishni taʼminlash maqsadida “Sariag‘ash”, “Oazis” va “Sirdaryo” tutash nuqtalarida infratuzilmani rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi qo‘shma chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Rejaga muvofiq, “Oazis” orqali poyezdlar qatnovi sutkasiga ikkitadan o‘ntagacha yetkaziladi. Shuningdek, “Darbaza – Maqtaaral” temir yo‘l uchastkasining qurilishi yakunlangach, “Sirdaryo” tutashuv punkti orqali ham sutkasiga o‘nta juft poyezd harakati taʼminlanadi.

Muzokaralar davomida infratuzilmaviy va taʼmirlash ishlarini sinxronlashtirish, nazorat jarayonlarini takomillashtirish va texnologik hamkorlikni optimallashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu chora-tadbirlar Markaziy Osiyodagi yirik transport koridorlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish