Logo

“Anadolu” AA: O‘zbekiston milliy liboslari — asrlar osha yashab kelayotgan jonli meros

Fevral 20, 2026. 16:25 • 53 soniya

1
“Anadolu” AA: O‘zbekiston milliy liboslari — asrlar osha yashab kelayotgan jonli meros
“Anadolu” AA: O‘zbekiston milliy liboslari — asrlar osha yashab kelayotgan jonli meros
“Anadolu” AA: O‘zbekiston milliy liboslari — asrlar osha yashab kelayotgan jonli meros

ANQARA, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Anadolu” axborot agentligida “O‘zbekistonning rangorang merosi: o‘tmishdan bugunga qadar kelgan o‘zbek milliy liboslari” sarlavhali maqola nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, tamaddunlar chorrahasida joylashgan O‘zbekistonda anʼanaviy liboslar nafaqat kiyim, balki madaniy o‘zlik va tarixiy xotiraning muhim elementi sifatida asrab avaylanmoqda. Tarixiy meros, iqlim shart-sharoitlari va turmush tarzi taʼsirida shakllangan o‘zbek kiyim madaniyati o‘zining yorqin ranglari va noyob naqshlari bilan jahon ahlini hayratga solib kelmoqda.

Nashr o‘zbek erkaklarining chopon, yaktak va do‘ppi kabi milliy kiyimlariga alohida to‘xtalgan. Ayniqsa, oltin iplar bilan bezatilgan zarchoponlar va mintaqalarga qarab naqshlari farqlanadigan do‘ppilar o‘zbek xalqining boy madaniyatidan hikoya qiluvchi sanʼat asari sifatida taʼriflangan.

Ayollar liboslari haqida so‘z ketganda, maqolada atlas va adras matolaridan tikilgan ko‘ylaklar, lozimlar va nafis zardozi kashtachilik sanʼati yuqori baholangan. Ayollarning zargarlik buyumlari va ro‘mollari ularning yoshi, oilaviy holati va ijtimoiy mavqeini ifodalovchi o‘ziga xos madaniy tizim ekani qayd etilgan.

“Anadolu” agentligining xulosa qilishicha, O‘zbekiston milliy liboslari mamlakatning ijtimoiy tuzilishi va estetik qadriyatlarini tushunish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish