Logo

Kemerovodagi vatandoshlar ishtirokida iftorlik bo‘lib o‘tdi

Mart 19, 2026. 14:55 • 2 daq

39
Kemerovodagi vatandoshlar ishtirokida iftorlik bo‘lib o‘tdi

KEMEROVO, 19-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Kemerovo viloyati, Leninsk-Kuznetskiy shahrida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.

Tadbirda ushbu hududdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, Kemerovo viloyati musulmonlari idorasi raisi, muftiy Tagir Bikchantayev ishtirok etdi.

O‘zbekistonning bosh konsuli Aslam Akbarov yurtdoshlarimizni muborak Ramazon oyi bilan samimiy tabriklab, Rossiyaning migratsiya bo‘yicha belgilangan tartib va qoidalariga qat’iy rioya qilish muhim ekanini ta’kidladi. Ishlash uchun beriladigan hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish zarurligi ham qayd etildi.

Iftorlik mehmonlariga ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgani va uning Kemerovo zaminida o‘tkazilishi mamlakat rahbariyatining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatdan dalolat ekani aytildi.

Kemerovo viloyati hududida vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarini hal etish maqsadida Bosh konsulxona bilan doimiy aloqada bo‘lish, yoshlarning turli jinoyatlar va buzg‘unchi diniy oqimlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kemerovo viloyati “O‘zbeklar milliy-madaniy muxtoriyati” jamoatchilik tashkiloti rahbari Rustam Xalberdiyev mamlakatimizning har bir fuqarosiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Samarqand” restorani rahbari Azizbek Tojiboyevning so‘zlariga ko‘ra, bunday xayrli tadbirlar chet eldagi hamyurtlarni birlashtirish va o‘zaro do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Bunday keng ko‘lamli tadbirda Kemerovo viloyati - Kuzbassda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar birinchi marta ishtirok etmoqda. Bu hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan tinchlik, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik siyosatiga samimiy hurmat ifodasidir”, deya qo‘shimcha qildi Azizbek Tojiboyev

Tadbir so‘nggida iftorlik ishtirokchilari Vatanimiz ravnaqi, tinchligi va farovonligi, yurtdoshlarimiz sihat-salomatligi uchun duoga qo‘l ochdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish