“Arab News”: Toshkentda butun islom olami uchun qadrli bo‘lgan ulkan inshoot ochildi
Mart 19, 2026. 14:11 • 2 daq
• 72
AR-RIYOZ, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Arab News” nashrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMTda ilgari surilgan va keng xalqaro qo‘llab-quvvatlash bilan amalga oshirilgan ushbu mega-loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Ushbu tadbirda O‘zbekiston yetakchisi ham ishtirok etgan.
Marosimda qatnashgan xalqaro ekspertlar ushbu majmua ilmiy, ma’naviy va ta’limiy taraqqiyot ramzi sifatida, islom merosini o‘rganish va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish uchun muhim xalqaro platforma sifatida e’tirof etgan.
Ochilish marosimida iftorlik dasturxoni yozildi. Unda jamoat vakillari, diniy yetakchilar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar qatnashdi.
Ushbu majmua Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.
Markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan – to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.
Maqolada xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, markazda Saudiya Arabistoni tomonidan hadya qilingan muqaddas Ka’ba kisvasining eshik qismi (burqa) bo‘lagi joylashtirilgan. Bu ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash ramzi sifatida baholangan.
Nashrda qayd etilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini saqlash va targ‘ib qilish, mintaqaning muhim ma’naviy-ma'rifiy maskanlardan biri sifatidagi rolini yanada yuksaltiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi