O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
Mart 19, 2026. 14:06 • 2 daq
• 79
TOSHKENT, 19-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Prezidenti ma’lumotiga ko‘ra, davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi