Logo

Polsha biznes delegatsiyasi fevral oyida O‘zbekistonda ikki tomonlama forum o‘tkazish va qator hududlarga tashrif buyurish niyatida

Fevral 18, 2026. 10:22 • 54 soniya

65
Polsha biznes delegatsiyasi fevral oyida O‘zbekistonda ikki tomonlama forum o‘tkazish va qator hududlarga tashrif buyurish niyatida

VARSHAVA, 18-fevral. /“Dunyo” AA/.  Polsha sanoat armaturasi uyushmasi, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zkimyosanoat” AJ vakillari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida 2026-yil 23–26-fevral kunlari Polsha sanoat armaturasi uyushmasi prezidenti Luiza Povonska boshchiligidagi yirik biznes-delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Ushbu chet el delegatsiyasining tashrif dasturi doirasida 24-fevral kuni Toshkentdagi “Crowne Plaza” mehmonxonasida biznes-forum o‘tkazish hamda Navoiy yoki Qashqadaryo viloyatlaridagi sanoat obyektlariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – sanoat armaturasi, energetika va tog‘-kon sohalarida, xususan, neft-gaz tarmog‘i va issiqlik taʼminoti yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.

Biznes-forum doirasida Polsha kompaniyalari “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda “Uz-Kor Gas Chemical”, “Enter Engineering”, “TotalEnergies” kabi yetakchi kompaniya vakillari bilan turli uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu kabi tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni jalb etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish