Boku shahrida Sohibqiron Amir Temur haqidagi spektaklning premyerasi bo‘lib o‘tdi
Mart 13, 2026. 12:30 • 2 daq
• 101
BOKU, 13-mart. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 10-mart kuni Boku shahrida Milliy teatr kuni munosabati bilan Ozarbayjon davlat akademik milliy drama teatrida (“Azdrama”) qo‘shma tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi va unda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan spektaklning namoyishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kun tartibining birinchi qismida “Azdrama”da turkiy mamlakatlarning milliy drama teatrlari rahbarlari hamda mahalliy teatr va sanʼat arboblari ishtirokida yig‘ilish va “Turkiy dunyo: umumiy ildizlar va qadriyatlar” nomli ko‘rgazma tashkil qilindi.
Kechaning kulminatsiyasi sifatida Ozarbayjon Madaniyat vazirligi, Azdrama va elchixona hamkorligida barcha turkiy mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar uchun “Amir Temur: zamon bilan musobaqalashgan inson” nomli spektaklning premyerasi namoyish etildi.
Premyerada madaniyat vaziri Adil Kerimli, Ozarbayjon Milliy Medjlisi deputati, parlamentning madaniyat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gyunay Efendiyeva va boshqa ko‘plab ziyolilar ishtirok etdi.
Elchi Bahrom Ashrafxanov so‘zga chiqib, Amir Temur nafaqat turkiy dunyo, balki jahon tarixining eng ko‘zga ko‘ringan va qudratli shaxslaridan biri ekanligi, uning faoliyati davlatchilik anʼanalarini shakllantirishga, yirik shaharlar qurilishiga, ilm-fan va madaniyat rivojiga hissa qo‘shganini aytib o‘tdi.
Alohida taʼkidlandiki, joriy yilda ko‘plab mamlakatlarda, shu bois, Ozarbayjonda buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda.
Mazkur spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi va Amir Temur hayotini o‘rganishga chuqur qiziqish uyg‘otdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi