Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi nufuzli “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm yarmarkasida qatnashdi

Mart 10, 2026. 11:35 • 4 daq

170
O‘zbekiston delegatsiyasi nufuzli “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm yarmarkasida qatnashdi
O‘zbekiston delegatsiyasi nufuzli “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm yarmarkasida qatnashdi
O‘zbekiston delegatsiyasi nufuzli “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm yarmarkasida qatnashdi
O‘zbekiston delegatsiyasi nufuzli “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm yarmarkasida qatnashdi

BERLIN, 11-mart. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida turizm sohasida dunyodagi yirik ko‘rgazmalardan biri “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Dunyo turizm sanoatining yetakchi sanaladigan “ITB Berlin” xalqaro yarmarkasi 1966-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Yarmarka doirasida “ITB Berlin” xalqaro kongressi ham bo‘lib o‘tadi. Mazkur kongressda spikerlar iqtisodiyot, fan va siyosat sohasidagi xalqaro hamkorlikka oid ko‘plab mavzularda fikr almashadi.

“Berlin Messe” yarmarka maydonida tashkil etilgan bu galgi yarmarka xalqaro turizm ko‘rgazmasining 60 yillik yubileyiga bag‘ishlandi. Nufuzli tadbirda dunyoning 170 ta davlatidan turizm, gastronomiya, logistika, turizm texnologiyalari kabi sohalariga ixtisoslashgan yirik kompaniya va firmalar vakillari qatnashdi.

O‘zbekistondan Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov boshchiligidagi o‘zbek turkompaniyalaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Yarmarkada yurtimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida Turizm qo‘mitasi tomonidan 200 kvadrat metr maydonda O‘zbekiston milliy stendida tashkil etildi. Ushbu stendda 20 dan ziyod turkompaniya, mehmonxona va aviakompaniyalar ishtirok etdi.

Xususan “Hilton”, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “Centrum Air”, “Qanot sharq”, “Orient Star”, “Travel Factory”, “People travel”, “International caravan travel service”, “Antique Travel”, “Sezam TiaveJ”, “Creative Tours”, “Onent mice”, “Asialuxe”, “Assalam travel”, “Arda xiva” va boshqa sayyohlik kompaniya va firmalari yurtimiz turizm salohiyatini namoyish etdi.

Milliy stendda O‘zbekiston sayyohlik imkoniyatlarga bag‘ishlangan videoroliklar, ko‘rgazmali suratlar, gastronomik va boshqa turli turistik imkoniyatlari aks ettirilgan tarqatma materiallar taqdim etildi.

Yarmarka davomida O‘zbekiston milliy stendiga tashrif buyurgan berlinliklar va shahar mehmonlari, xorijiy turkompaniyalar uchun Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonning turistik salohiyati, turizm infratuzilmasi, so‘nggi yillarda olib borilayotgan izchil islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Shu bilan birga O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov hamrohligida xalqaro darajadagi yetakchi soha kompaniyalari bilan qator uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan, stendimizga tashrif buyurgan BMT Turizm Bosh kotibi Shayha Nasser Al Novais O‘zbekiston tomoni ilgari surgan tashabbus asosida 2027-yilning “Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb eʼlon qilinganini eʼtirof etib, mamlakatimiz turizmiga alohida qiziqish bildirdi.

Shuningdek, o‘zbek delegatsiyasi Germaniya va Yevropadagi yirik turizm xoldingi hisoblangan “TUI Group”, “DRV”, “Trip.com”, “Expedia Group” sayohat kompaniyalari, “Private Palace Hotels & Resorts” va “Titanic Hotels Group” kabi mehmonxona tarmoqlari, Shveysariyadagi Lyutsern mehmonxona kolleji hamda Xalqaro kongress va konvensiya assotsiatsiyasi (ISSA)  rahbariyati va boshqa qator yetakchi kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida o‘zbek milliy turistik mahsulotlarni onlayn platformalar orqali sotish, yangi bozorlar uchun maxsus kampaniya va sahifalar yaratish, tarixiy majmualarni global xaritalarga kiritish va yirik xalqaro tadbirlarni mamlakatga jalb qilish, tarixiy shaharlarda lyuks mehmonxonalar qurish, sohada xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Yarmarkada xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, tarixiy shaharlari, boy qadriyatlari va urf-odatlariga katta qiziqish bildirdi. “Dunyo” AA muxbiri ko‘rgazma ishtirokchilari fikri bilan qiziqdi.

“Private Palace Hotels & Resorts” kompaniyasi boshqaruv direktori Gino Leonhard:

– “ITB Berlin 2026” xalqaro yarmarkasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi hamda mamlakatingizning Germaniyadagi elchisi bilan samimiy va do‘stona suhbat o‘tkazdik. Muloqot davomida kelgusida O‘zbekistonda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar haqida fikr almashdik.

“Private Felles Hotels” O‘zbekiston bilan hamkorlikka ancha paytdan beri qiziqib keladi. Suhbat davomida yaqin kelajakda ilk loyihalarni boshlash imkoniyatiga ishonchimiz ortdi va bunga umid bildirib qolamiz. Uchrashuvda Samarqand, Toshkent va Buxoro kabi ko‘hna va hamisha navqiron mashhur shaharlari va hududlardagi yangi turizm imkoniyatlar muhokama qilindi.

O‘zbekistonga ikki marta borganman. Menga bu mamlakatning nafaqat Ipak yo‘lida joylashuvi, balki boy madaniy merosi, qiziqarli tarixi va albatta, ajoyib taomlari juda yoqqan. Yaqin kelajakda hamkorlikni boshlaymiz degan umiddaman.

Berlindagi “Titanic Hotels Group” mehmonxona tarmog‘i vakili va brend elchisi Hikmet Gyuvench:

– O‘zbekiston milliy stendida vakillaringiz bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Mamlakatingiz iqtisodiy jihatdan juda tez rivojlanmoqda. Shuning uchun hamkorlikning ko‘p imkoniyatlari mavjud. Masalan, o‘zim mehmonxona sohasida faoliyat yuritaman. Agar qiziqish bo‘lsa, kelajakda O‘zbekistonda ham mehmonxonamiz tarmog‘ini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz, albatta.

Yurtingiz Ipak yo‘lidagi boy madaniy merosi markazi sifatida turizm sohasida katta imkoniyatlarga ega va men mamlakatingizga ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatlar tilayman. Fikrimcha, yaqin kelajakda O‘zbekiston jozibador va qiziqarli turistik manziliga aylanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish