Sidneyda O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi vatandoshlar tomonidan tantanali kutib olindi
Fevral 20, 2026. 17:51 • 2 daq
• 24
SIDNEY, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha Osiyo kubogi final bosqichida ishtirok etish uchun Avstraliyaga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sidney xalqaro aeroportida sportchilarimizni Avstraliyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tantanali kutib oldi. O‘zbek diasporasi vakillari terma jamoamiz aʼzolarini samimiy qo‘llab-quvvatlab, musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishini tiladi.
Ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi o‘yinlari 1–21-mart kunlari Avstraliyada bo‘lib o‘tadi. Ahamiyatlisi, ushbu musobaqa 2027-yilda Braziliyada o‘tkaziladigan FIFA ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun Osiyo mintaqasidagi yakuniy saralash bosqichi vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, bu Jahon chempionati saralashi Osiyo Kubogi bilan bog‘langan so‘nggi musobaqa bo‘ladi. 2031-yildan boshlab FIFA ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun alohida saralash turniri o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tarixda ilk bor ushbu musobaqa 2028-yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun Osiyo saralashining dastlabki bosqichi sifatida ham xizmat qiladi. Turnirning chorak finaliga chiqqan sakkiz jamoa 2028-yilgi Olimpiya o‘yinlari saralash turniriga yo‘llanma oladi.
2026-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida ishtirok etuvchi 12 ta terma jamoa 3 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib boradi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ikki nafar uchinchi o‘rin sohibi chorak finalga yo‘l oladi.
“V” guruhidan joy oldi vakillarimiz musobaqaning keyingi bosqichiga chiqish uchun Xitoy, Shimoliy Koreya va Bangladesh terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz: 2029-yilda futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
