Logo

O‘zbekistonning sa’y-harakatlari — mintaqa uchun o‘rnak

Fevral 20, 2026. 19:34 • 2 daq

22
O‘zbekistonning sa’y-harakatlari — mintaqa uchun o‘rnak

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistondagi ikkita viza kompaniyasi rahbarlari va mansabdor shaxslariga nisbatan qat’iy viza cheklovlarini kiritdi. Tergov shuni ko'rsatdiki, ushbu shaxslar fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmaganlarni Markaziy Amerika orqali AQShga noqonuniy olib kirishning yashirin yo'nalishlarini faol muvofiqlashtirgan. AQSh elchisi jinoiy tarmoqlarga barham berishda O'zbekiston hukumatining yordamini yuqori baholadi.

TOSHKENT, 20-fevral.

AQSh Davlat departamenti bugun O‘zbekistondan AQShga noqonuniy immigratsiyaga bila turib ko‘maklashgani aniqlangan shaxslarga nisbatan viza cheklovlari joriy etilganini e’lon qildi. Ushbu chora-tadbirlar Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi yaqin va davomiy hamkorlikning bevosita natijasidir.

Elchi Jonatan Xenik shunday dedi:

“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumatidan behad minnatdor. Uning yaqin hamkorligi va umumiy xavfsizlik manfaatlarimizga qat’iy sodiqligisiz biz bu muhim choralarni amalga oshira olmagan bo‘lardik. Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va jinoiy kontrabanda tarmoqlariga barham berish borasidagi O‘zbekistonning faol sa’y-harakatlari mintaqa uchun o‘rnakdir. Biz noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashish va chegara xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi hamkorligimizni davom ettirish va yanada chuqurlashtirishni intiqlik bilan kutamiz.”

Ushbu chora asosan AQShga noqonuniy immigratsiya qilish niyatida ekanligini bila turib ushbu shaxslarga safar bilan bog’liq xizmatlarini ko‘rsatgan, vizaga ko‘maklashuvchi O‘zbekistondagi ikkita kompaniyaning rahbarlari va mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llaniladi. Bu choralar Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning (INA) 212(a)(3)(C) moddasiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Mazkur modda, faoliyati AQSh tashqi siyosati uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlaydi.

Tergovlar natijasiga ko’ra, O‘zbekistondagi mazkur shaxslar AQShga noqonuniy immigratsiya qilishni maqsad qilgan fuqarolar, jumladan, voyaga yetmaganlarning aeroportlar va chegaralar orqali Markaziy Amerikadagi tranzit punktlariga yetib olishini faol ravishda muvofiqlashtirganlar. Keyinchalik bunday fuqarolarning ko‘pchiligi Qo‘shma Shtatlar hududiga noqonuniy kirishga urinayotganda qo‘lga olingan.

Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligimiz yoki immigratsiya qonunlarimizga putur yetkazadigan har qanday urinishlarga toqat qilmaydi. Noqonuniy immigratsiyadan foyda ko‘zlagan shaxslar salbiy oqibatlarga duch keladi va biz chegaralarimiz hamda milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun kontrabanda tarmoqlariga qarshi qat’iy kurashamiz. Qo‘shma Shtatlar AQShga noqonuniy immigratsiyaga ko‘maklashuvchi jinoiy tarmoqlarga barham berishdagi yaqin hamkorligi uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘zining chuqur minnatdorligini yana bir bor bildiradi. Biz har ikki xalqimizning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida O‘zbekiston bilan yelkama-yelka ish olib borayotganimizdan faxrlanamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish