“Seoul City”: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Fevral 20, 2026. 17:22 • 2 daq
• 69
SEUL, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Seoul City” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amalga oshirgan tashrifiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan infografika asosida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning so‘nggi 9 yildagi dinamikasi batafsil yoritilgan.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar izchil tus olgan. Xususan, 2018-yilgi tarixiy tashrifdan so‘ng 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi amaliy hamkorlikni kengaytirishda muhim burilish yasadi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2017–2025-yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,7 baravarga oshib, 1 milliard dollarga yetdi. Eksport tarkibida xizmatlar (dasturlash, moliyaviy va transport xizmatlari) 81 foiz bilan yetakchilik qilmoqda. Import tarkibida esa mashina va uskunalar (samolyotlar, avtomobillar, kompyuter tizimlari) 59 foizni tashkil etib, O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda AQSH texnologiyalarining o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Investitsiyaviy hamkorlik sohasida ham misli ko‘rilmagan o‘sish kuzatilmoqda. O‘tgan 9 yil ichida AQSHdan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 64 baravarga ortib, 2025-yilda 383,2 million dollarni tashkil etdi. Umumiy hisobda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2,9 milliard dollardan ortiq Amerika kapitali yo‘naltirilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda AQSH sarmoyasi ishtirokidagi 346 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Material xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki va Vashington bilan iqtisodiy integratsiyasi mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
