Logo

“The Financial Times” gazetasi: Yosh o‘zbek grossmeysteri jahon chempionligi sari ishonch bilan odimlamoqda

Aprel 10, 2026. 08:10 • 2 daq

180
“The Financial Times” gazetasi: Yosh o‘zbek grossmeysteri jahon chempionligi sari ishonch bilan odimlamoqda

LONDON, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “The Financial Times” nashrida ayni paytda Kiprda o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha daʼvogarlar turnirida yosh o‘zbek grossmeysteri Javohir Sindarovning yorqin ishtiroki xususida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Dunyoning yetakchi OAVdan biri hisoblangan mazkur nashrning turnirga bag‘ishlangan maqolasida o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Javohir Sindarovning yuqori saviyadagi o‘yiniga katta baho berilgan.

Maqolada taʼkidlanishicha, Sindarov allaqachon Kiprda o‘tayotgan 2026-yilgi daʼvogarlar turnirida g‘alaba qozonish va hindistonlik jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi unvon uchun bahs olib borishda asosiy favoritlardan biriga aylangan.

20 yoshli grossmeyster musobaqani 7 partiyadan 6 ochko jamg‘argan holda juda ishonchli boshladi. Ayniqsa, u turnir favoritlaridan biri va dunyoning yetakchi shaxmatchilaridan bo‘lgan Fabiano Karuana ustidan qozongan g‘alabasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Nashrda Sindarovning daʼvogarlar turniri tarixidagi eng kuchli startlardan birini amalga oshirgani qayd etilgan. Uning muvaffaqiyatida puxta debyut tayyorgarligi hal qiluvchi omil bo‘lgan. Xususan, Karuanaga qarshi partiyada u qabul qilingan farzin gambitida chuqur tahlil qilingan yangi g‘oyalarni qo‘llab, qisqa vaqt ichida ustunlikka erishgan.

Keyingi turda esa Sindarov yana bir amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamuraga qarshi ham xuddi shunday strategik ustunlikni namoyon etdi. U raqibining o‘tkir variant tanlashini aniq bashorat qilib, yanada puxta tayyorgarlik orqali ustunlikni qo‘lga kiritdi. Murakkab pozitsiyalarda ishonchli o‘ynashi va raqib xatolaridan samarali foydalanishi uning ustunligini yanada mustahkamladi.

Xulosa qilib aytganda, Javohir Sindarov allaqachon jahon chempioniga munosib darajada o‘yin namoyon etmoqda. Uning mazkur turnirdagi ishtiroki zamonaviy shaxmat olamining eng yorqin va ilhomlantiruvchi voqealaridan biri sifatida baholanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish