Logo

Navro‘z Fransiyaning Ferney-Volter shahrida bahor va madaniyatlar do‘stligi bayramiga aylandi

Mart 28, 2026. 10:00 • 2 daq

84
Navro‘z Fransiyaning Ferney-Volter shahrida bahor va madaniyatlar do‘stligi bayramiga aylandi

FЕRNЕY-VOLTЕR, 28-mart. /«Dunyo» AA/. Fransiyaning qadimiy shahri Ferney-Volterda yuzlab mehmonlar, jumladan, fransiyaliklar va vatandoshlarimiz ishtirokida bahor va yangilanish bayrami - Navro‘z tantanalari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbir an’anaviy o‘zbek kiyimlari hamda milliy liboslarning zamonaviy talqinlari namoyishi bilan ochildi. Mehmonlar e’tiborini eng ko‘p tortgan jihat — kelin salom marosimining sahnalashtirilishi bo‘lib, u ishtirokchilarga O‘zbekistonning boy an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Mehmonlar raqslardan zavq olib, an’anaviy o‘zbek taomlaridan bahramand bo‘ldilar: xushbo‘y palov, somsa, non va shirinliklar haqiqiy bayram muhitini yaratdi. Shuningdek, an’anaviy kiyimlar, suvenirlar va dekorativ buyumlar ko‘rgazmasi katta qiziqish uyg‘otdi — bu eksponatlar mamlakatimiz hunarmandchiligi va boy madaniy merosini namoyish etdi.

O‘zbekiston elchisi Nodir G‘aniyev mehmonlarni bayram bilan samimiy tabriklab, Navro‘zning ahamiyati, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati haqida so‘zladi hamda fransuz mehmonlarni mamlakatga tashrif buyurib, uning an’analari va diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishishga taklif qildi.

Fransuz mehmonlar tadbirning yuksak darajada tashkil etilgani va mehmondo‘stlikdan chin dildan mamnun bo‘lganliklarini bildirdilar. O‘zbek diasporasi uchun esa bu tadbir alohida ahamiyat kasb etdi: vatandan uzoqda bo‘lishlariga qaramay, ular O‘zbekistonning iliqligi va samimiyligini yana bir bor his etdilar.

Ferney-Volterdagi Navro‘z xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik qadrini, boshqa millat an’analari bilan tanishish va insonlarni birlashtiruvchi madaniyatdan bahramand bo‘lish imkoniyatini yana bir bor namoyon etdi. Bayram muhiti, samimiy muloqot va o‘zbek an’analarining rang-barangligi bu kunni barcha ishtirokchilar uchun haqiqatan ham esda qolarli qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish