Samarqand viloyati va Kichik Polsha voyevodaligi hamkorlik bo‘yicha yangi tashabbuslarni tayyorlamoqda
Mart 28, 2026. 09:10 • 2 daq
• 66
VARSHAVA, 28-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari amaliy tashrif bilan Kichik Polsha voyevodaligida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida mahalliy hokimiyat va biznes vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, voyevodalik rahbari Lukash Smulka, uning o‘rinbosari Vitold Kozlovskiy hamda Polsha parlamenti vakili Rafal Komarevich bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, mahalliy yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda savdo, iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼlim sohasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar Krakov iqtisodiyot universiteti qoshidagi Biznes maktabi bilan O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi.
Bundan tashqari, “Smart Nanotechnologies”, “IC Sec”, “Alventa Invest”, “Air2gas” va “BSPL” kabi kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yaqin oylarda Samarqand viloyati va Kichik Polsha voyevodaligi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi. Shuningdek, kuz oylarida Polsha delegatsiyasining Samarqandga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar kelgusida hamkorlikni yana-da kuchaytirish va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi